Navoiyda Xitoy brendi ostida mashina ishlab chiqariladi. Uning narxi qancha?

Navoiyda Xitoy brendi ostida mashina ishlab chiqariladi. Uning narxi qancha?

Erkin iqtisodiy hududlarning har bir mamlakat rivojida ahamiyati katta. Mazkur maydonlarning soliq va bojxona borasida hamda boshqa tarmoqlarda bir qator imtiyozlarga ega bo‘lishi mahalliy va xorijiy kompaniyalarning aynan bir joyda faoliyat yuritishi, pirovard natijada ulkan sanoat hududi – iqtisodiyot rivojida muhim bo‘g‘in paydo bo‘lishini ta’minlaydi.

O‘zbekistondagi birinchi erkin iqtisodiy zona – “Navoiy” EIZ ham nafaqat bu borada mamlakatimizda ilk hudud, balki bugungi kunda bu yerda olib borilayotgan ish ko‘lami jihatidan ham yetakchilik qilib kelmoqda. Karmana tumanining 500 gektarlik maydonini egallagan mazkur biznes maydoniga ayni paytda Navoiy shahridan ham bir qator ob’ektlar va maydonlar qo‘shib berilgan.

– Bugungi kunda erkin iqtisodiy zona ishtirokchisi maqomini olgan korxonalar soni 50 dan ortiqni tashkil etadi, – deydi EIZ direksiyasining investorlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Jamshid Jumayev. – Xitoy, Eron, Turkiya kabi dunyoning 10 ga yaqin mamlakatlari ishbilarmon doira vakillarining viloyatimizda biznes yuritishga ishtiyoqi baland. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Navoiy vohasi erkin iqtisodiy hudud maqomini olgani ham bunda muhim ahamiyat kasb etmoqda. EIZ hududida hozirda ko‘plab yangi qo‘shma korxonalar tashkil etish ustida ish olib borilmoqda.

“Navoiy – motors” O‘zbekiston-Avstriya qo‘shma korxonasi shulardan biri sanaladi. Umumiy qiymati 12 million AQSh dollariga teng bo‘lgan ushbu loyiha yurtimiz avtomobilsozlik sanoatida yangi imkoniyatlar yaratishni hamda yangi davrni boshlab berishni maqsad qilgan. Sababi Xitoy davlatining “Oshan” brendi ostida ishlab chiqariladigan avtomobillarni endilikda shu yerning o‘zida yig‘ish va ichki bozorga chiqarish rejalashtirilmoqda.

– Ayni paytda zavod qurish ishlari jadal davom etmoqda, – deydi korxona rahbari Sherzod Mo‘minov. – Yil yakuniga qadar mazkur ishlar to‘liq yakunlanib, avtmobillar yig‘ish va sotish ishlarini ham boshlab yuborish ko‘zda tutilgan. Avtomobillar narxi taxminan 13 ming AQSh dollaridan 30 ming AQSh dollarigacha bo‘lishi kutilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, dunyo tajribasidan kelib chiqib O‘zbekistonda xususiy biznes uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotgan ekan, bu mamlakat taraqqiyotida muhim samara bermoqda. Bu esa o‘z navbatida yangi zamonaviy korxonalar sonining ko‘payishi va aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilyapti.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!