Namanganda qulagan ko‘prikning qurilishiga byudjetdan mablag‘ ajratilganmi?

Namanganda qulagan ko‘prikning qurilishiga byudjetdan mablag‘ ajratilganmi?

Ijtimoiy tarmoqlarda Namangan viloyatining Davlatobod tumanidagi Shimoliy Farg‘ona kanali ustida qurilayotgan ko‘prik qulab tushgani haqida xabarlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Namangan viloyati hokimligi rasmiy munosabat (https://t.me/namvilhok/18841) bildirdi.

"Mazkur hodisa bugun, 8 yanvar kuni soat 11:00  atrofida ro‘y bergan. Buning oqibatida qurbonlar yoki jabrlanganlar bo‘lmagan.
  
Uzunligi 37 metr, eni 3 metr bo‘lgan va piyodalar qatnovi uchun mo‘ljallangan ko‘prik mahalliy tadbirkor tomonidan “O‘n bir Ahmad” ziyoratgohiga keluvchilar uchun qulaylik yaratish maqsadida barpo etilayotgan bo‘lgan. Buning uchun davlat byudjetidan mablag‘ sarflanmagan. 

Buni “Namangan ko‘priklardan foydalanish” unitar korxonasi rahbari Sanjarbek Shodmonov ham tasdiqladi.

—Ko‘prik qurilishi dasturlarga kiritilmagan, byudjet mablag‘i ham sarflanmagan. Tadbirkor Ma’rufxon Hojixonovning tashabbusi va shaxsiy mablag‘i hisobidan qurilayotgan, hali yakuniga yetmagan edi, — deydi  Sanjarbek Shodmonov.

Tadbirkor Ma’rufxon Hojixonovning ta’kidlashicha, bu ishga yaqinda 90 yoshida qazo qilgan otasining vasiyatini amalga oshirish uchun kirishgan. 

—Dadamning vasiyatlariga ko‘ra “O‘n bir Ahmad” ziyoratgohiga keladiganlar qiynalmasligi uchun  shu ishga qo‘l urgandim. Ko‘prik tayyor bo‘lganidan keyin shu atrofdagi avtoturargohda bir hafta 5 tonnadan oshiq yuk qo‘yilgan holatda turdi, qilt etmadi. Keyin joyida sinab ko‘rdik. Havo harorati pasayib, kanaldagi suv oqimi ko‘paygani sababli hali ishimiz oxiriga yetmagan edi, — deydi Ma’rufxon Hojixonov.

Tadbirkorning aytishicha, ko‘prikning montaj ishlari to‘liq yakunlanmagan, ikki tomoniga yana tros va temir o‘rnatiladi. 

Bularning barchasiga ikki hafta atrofida vaqt talab etiladi. Shundan so‘ng ko‘prik avvalgi joyiga mustahkam etib o‘rnatiladi", deyiladi munosabatda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!