«Mukofot puli ham alimentga qo‘shiladimi?»
— Bolalarimning otasi bilan ikki yildan beri birga yashamaymiz. Sud ikkita voyaga yetmagan bola uchun aliment tayinlagan. Erim yaqinda boshqa shifoxonaga ishga o‘tdi. Bilishimcha, u yerda mukofot puli ham berilarkan. Sudga murojaat qilib, mukofot puli, ustama haq va boshqa qo‘shimcha to‘lovlarni alimentga kiritishni so‘rasam bo‘ladimi?
Ismi sir tutildi.
Murojaatga Toshkent shahar sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi Malika ZAKIROVAdan javob oldik:
— Aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va (yoki) boshqa daromadining bir bola uchun - to‘rtdan bir qismi, ikki bola uchun - uchdan bir qismi, uch va undan ortiq bola uchun - yarmisi miqdorida undiriladi. Bu to‘lovlarning miqdori taraflarning moddiy yoki oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan kamaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.
Har bir bola uchun undiriladigan aliment miqdori qonun hujjatlari bilan belgilangan mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 26,5 foizidan kam bo‘lmasligi kerak.
Agar aliment to‘lovchi ishlamasa aliment o‘rtacha oylik ish haqi miqdori bo‘yicha hisoblab chiqiladi. Aliment O‘zbekiston Respublikasi hududida va uning tashqarisida pul yoki natura tarzida olingan barcha turdagi daromadlardan ushlab qolinadi.
Aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsning ish joyidagi ish beruvchi yoki pensiya, nafaqa, stependiya olayotgan joyidagi tashkilot ma’muriyati aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxsga ish haqi to‘langan va boshqa daromadlar olingan kundan boshlab, uch kundan kechiktirmay aliment oluvchi shaxsga o‘tkazishi shart.
Sud xujjatlari va boshqa organlar xujjatlarini ijro etish to‘g‘risidagi Qonunniga ko‘ra, qarzdorning ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlardan ushlab qolinadigan summalar miqdori soliqlar ushlab qolingandan keyin qolgan summadan hisoblab chiqariladi. Oila kodekisga muvofiq aliment to‘lovchining ish haqi va boshqa daromadlaridan olinar ekan, demak yuridik shaxs tomonidan jismoniy shaxsga to‘lab beriladigan rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar, ishlanmagan vaqt uchun to‘lovlar va boshqa to‘lovlarning jami hisoblanib, undan sud qarorida belgilangan aliment summasi ushlab qolinadi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, aliment ikki usulda ya’ni er va xotinning aliment undirish haqida o‘zaro kelishuv asosida yoki sud tartibida aliment undirilishi mumkin.