Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga go‘sht va go‘sht mahsulotlari yetkazib berish hajmi oshiriladi
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari – Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazi bosh direktori Alisher To‘rayev Mo‘g‘uliston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Batsumber Munxjin bilan uchrashdi.
Alisher To‘rayev Mo‘g‘uliston tomonini mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish, boshqaruv tizimini rivojlantirish va bu borada eksport salohiyatini oshirish yuzasidan ishlar haqida ma’lumot berdi. O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini modernizasiya va diversifikasiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar faol ravishda amalga oshirilyapti. Paxtachilik, g‘allachilik, meva-sabzavotchilik tarmoqlarida klasterlar tashkil etilgani tadbir chog‘ida asosiy misol sifatida keltirildi.
Batsumber Munxjin, o‘z navbatida, Mo‘g‘uliston qishloq xo‘jaligining holati haqida so‘zlab berdi. Ta’kidlanishicha, chorvachilik mamlakat agrar sektorining eng rivojlangan tarmog‘i hisoblanadi. Mo‘g‘ulistonda 70 millionga yaqin yirik va mayda qoramol bo‘lsa, shundan 35 millionga yaqini qo‘y. Shuningdek, janob Munxjin bugungi kunda o‘zaro tovar yetkazib berish asosan quruqlikdagi transport orqali amalga oshirilayotganini ta’kidlab, shu munosabat bilan mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-sotiqning yangi yo‘lagi sifatida charter reyslarini yo‘lga qo‘yish taklifini bildirdi.
Mo‘g‘uliston tomoni O‘zbekiston bilan qator masalalar bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni jadallashtirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi. Xususan, Batsumber Munxjin O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati bilan Hukumatlararo komissiya tuzish va uning birinchi majlisini 2022 yilning ikkinchi yarmida o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi, deb xabar beradi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha quyidagi kelishuvlarga erishildi:
O‘zbekistondan Mo‘g‘ulistonga yetkazib beriladigan oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmini oshirish. (O‘zbekistonda har yili 20 million tonnadan ziyod mahsulot ishlab chiqariladi va dunyoning 100 ga yaqin davlatiga 80 dan ortiq turdagi yangi va qayta ishlangan meva-sabzavotlar eksport qilinadi).
Mo‘g‘ulistondan go‘sht va go‘sht mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish.
Tomonlar O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonning o‘zaro savdo va qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yishda hamkorlik qilishdan manfaatdor korxonalari ro‘yxatini tuzish.
Bog‘dorchilik va issiqxonalarni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini o‘rganish bo‘yicha ikki davlat ilmiy idoralari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.
