Moskva: Ukrainada sulh – Kiyevga vaqt berish demak!

Moskva Ukrainada sulh kelishuviga chaqiriqlarni “Kiyevga qurollanish uchun vaqt berish” sifatida qabul qilmoqda.
Bu haqda Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov ma’lum qildi.
"Biz vaqtinchalik sulhni hozirda qiyin davrni boshdan kechirayotgan Ukraina qo‘shinlariga nafas rostlash imkonini berishga urinishi deb hisoblaymiz. Shu bois, bu vaziyatda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvni Ukraina harbiylariga qayta qurollanish va kuchlarini qayta taqsimlash uchun vaqt berish sifatida qabul qilishimiz ham mumkin", – deya ta’kidladi Ushakov.
Shuningdek, u Putin va Tramp o‘rtasidagi uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rilayotganini, biroq uchrashuvning aniq vaqti hali ma’lum emasligini ta’kidladi.
"Bu masala amerikaliklar bilan muhokama qilinmoqda, biz uchrashuvga tayyorgarlik ko‘ryapmiz va zarurat tug‘ilishi bilanoq u tashkil etiladi. Ayni paytda boshqa darajalardagi aloqalar davom etmoqda. Ikki davlat yetakchisi ishtirokidagi uchrashuvni yoki telefon suhbatini tezda uyushtirish mumkin, ammo hozircha sizga aniq hech narsa ayta olmayman", – deya ma’lum qildi Yuriy Ushakov.
Eslatib o‘tamiz, Putin Rossiyaning tinchlik kelishuviga roziligi uchun ikkita shart qo‘ygan – Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berishni to‘xtatish va Ukrainada safarbarlikni tugatish.