Migrantlar bilishi kerak bo‘lgan muhim 5 qoida
Chet elga ishga ketish istagida bo‘lganlar nimalarni bilishi kerak? Ishlash uchun qonuniy yo‘l bilan borish qulaymi? Qaysi davlatda, qanday bo‘sh ish o‘rinlari borligini qanday aniqlasa bo‘ladi? hudud24 qonuniy mehnat migrasiyasi, qonunchilikda berilgan imtiyozlar, ishga yollanishda aldanib qolmaslik uchun bilish kerak bo‘lgan muhim qoidalar haqida ma’lumot berdi.
- Qonuniy mehnat migrasiyasi qanday amalga oshiriladi?
Mehnat migrantlari chet elda ishlash uchun Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi, xususiy bandlik agentliklari orqali yoki mustaqil ravishda ketishi mumkin. Bunda Tashqi mehnat migrasiyasi agentligi, xususiy bandlik agentliklari orqali ishlashga ketishda ish va turar joy topishda muammolarga duch kelinmaydi.
Chet elga ishlashga qaysidir tashkilot orqali yoki mustaqil ketishdan qat’i nazar shaxs huquqlari chet eldagi konsullik muassasalari tomonidan bir xilda himoya qilinishi kerak.
Qonunchilikka ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab barcha xorijiy davlatlarga chiqishda fuqarolarning chet elga chiqish (qizil) pasportni rasmiylashtirish talab etiladi. Bugungi kunda Armaniston, Rossiya, Ukraina, Belarus, Gruziya, Qozog‘iston, Tojikiston, Ozarbayjon va Moldova kabi davlatlar bilan vizasiz rejim o‘rnatilgan.
- Migrantlarga qonunchilikda qanday imtiyozlar berilgan?
2021 yil 1 yanvardan boshlab mehnat migrasiyasi faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar o‘zini o‘zi band qilgan hisoblanib, belgilangan soliqlarni to‘lash hamda pensiya miqdorini hisoblashda inobatga olinadi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar o‘ziga pensiya hisoblanishi va ish stajiga ega bo‘lishi uchun BHMning 50 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda (bugungi kunda 165 ming so‘m) ijtimoiy soliq to‘laydi.
Soliq kodeksining 369-moddasiga muvofiq o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etiladi.
2018 yilning 1 aprelidan boshlab mehnat migrantlariga temir yo‘l biletlarining narxlariga 20 foiz miqdorda chegirmalar berilishi yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borish uchun respublika hududidan tashqariga jo‘nab ketayotgan fuqarolarga 1000 AQSh dollari miqdorida kreditlar berish joriy joriy etilgan.
2021 yil 1 yanvardan boshlab mehnat migrantlariga — tijorat banklari tomonidan bozor tamoyillari asosida mustaqil ravishda o‘rnatiladigan stavkalarda mikroqarzlar beriladi.
Mehnat migrasiyasi bilan shug‘ullanish uchun xorijga chiqib ketayotgan shaxslarga mikroqarzlar beriladi. Mikroqarzlar xorijda ishga joylashish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun 10 million so‘mgacha miqdorda bir yil muddatga beriladi.
Boquvchisi xorijga mehnat migrasiyasiga chiqib ketgan va “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ro‘yxatda bo‘lgan oilalarga BHMning 2 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, “daftarlar”dan biriga kiritilgan oila a’zolariga BHMning 5 baravari miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatiladi.
Mehnat migrasiyasiga chiqib ketgan fuqarolarning O‘zbekistonda ular bilan birga yashovchi pensiya yoshiga yetgan yoki I va II guruh nogironligi bo‘lgan oila a’zolariga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriy va profilaktik davolanish muassasalariga bir martalik bepul yo‘llanma beriladi.
Bundan tashqari, mehnat migrasiyasiga chiqib ketganlarning bolalariga mavsumiy faoliyat yuritadigan oromgohlarga bepul yo‘llanmalar beriladi.
- Qaysi davlatda, qanday bo‘sh ish o‘rinlari borligini qanday aniqlasa bo‘ladi?
Fuqarolar qaysi chet el mamlakatida qanday bo‘sh ish o‘rinlari borligi haqidagi ma’lumotlarni Tashqi mehnat migrasiyasi agentligiga (+99871-202-33-55; info@migration.uz) shaxsan murojaat qilish orqali, “1282” qisqa raqamli ishonch telefonlari orqali hamda http://www.migration.uz/ saytidan yoki https://labormigration.uz/ platformasidan olishlari mumkin.
Ushbu platformalar orqali fuqarolar Rossiya Federasiyasi, Qozog‘iston Respublikasi, Turkiya Respublikasi, Koreya Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari hamda bir qator Yevropa davlatlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan batafsil tanishib chiqishi hamda o‘z xohishi va malakasiga mos ishni tanlashlari mumkin.
Shuningdek, ushbu platformalar orqali xususiy bandlik agentlikaridagi vakansiyalar, mehnat shartnomalarini tuzish qoidalari hamda patentni rasmiylashtirish talablari bilan bog‘liq axborotlar bilan ham tanishish imkoniyati mavjud.
Bundan tashqari, mazkur platformalar orqali fuqarolar chet elga ishlash uchun chiqishda hamda yuqoridagi davlatlarga kirish-chiqishda cheklovlar bor-yo‘qligini tekshirib olishi mumkin.
- Ishga yollanishda aldanib qolmaslik uchun nima qilish kerak?
Birinchi navbatda, chet elda ishlash uchun ketayotganda ish kim tomonidan taklif qilinayotganligini tekshirish kerak. Ya’ni, ish beruvchi haqidagi ma’lumotlar bilan batafsil tanishib chiqish lozim. Shubhali ish beruvchilardan bo‘lgan takliflarni qabul qilmaslik, yozma yoki onlayn tarzda tuzilishidan qat’i nazar mehnat shartnomasi shartlari bilan tanishib chiqish shart. Bu jarayonda iloji boricha huquqshunos yordamidan foydalanish tavsiya etiladi.
Bundan tashqari, chet davlatlarga ishlashga ketayotgan fuqarolar quyidagilarga amal qilishi lozim:
– mazkur davlat qonunlariga qat’iy rioya qilish;
– xorijiy mamlakatda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan barcha hujjatlar va ruxsatnomalarni o‘z vaqtida qonuniy yo‘llar bilan rasmiylashtirish (bunda qonuniy tartibda belgilangan boj va yig‘imlardan tashqari hech qanday to‘lovlarni amalga oshirilmaydi);
– ishga joylashayotganda fuqarolik pasportini hech kimga bermaslik;
– mehnat shartnomasida uning barcha shartlari (ishning xarakteri va turi, muddati, maosh miqdori, ijtimoiy kafolatlar) qayd etilganiga ishonch hosil qilish.
Xorijiy mamlakatlarga mehnat qilish uchun ketgan barcha fuqarolar shu davlatdagi O‘zbekiston Respublikasining diplomatik yoki konsullik muassasalarida ro‘yxatdan o‘tishlari shart. Respublikaning vakolatli tashkilotlari bo‘lmaganda O‘zbekiston hukumati tomondan vakolat berilgan organlaridan ro‘yxatdan o‘tishlari zarur.
Chet ellarga ishlash uchun ketayotgan fuqarolar xorijiy mamlakatga yetib olgandan so‘ng oila a’zolari, do‘stlari va yaqinlari bilan pochta, telefon yoki Internet orqali muntazam ravishda bog‘lanib turishlari lozim.
Chet ellik ish beruvchi shartnoma talablariga rioya qilmagan hollarda (ish haqini o‘z vaqtida to‘lamaslik, to‘liq miqdorda to‘lamaslik yoki ishdan bo‘shatish) xorijiy mamlakatning qonunchiligi bilan o‘rnatilgan tartibda shikoyat qilish, shu jumladan sudga murojaat qilish mumkin.
Odam savdosi — kuch bilan tahdid qilish, kuch ishlatish yoki majburlashning boshqa shakllaridan foydalanish, o‘g‘irlash, firibgarlik, aldash, yo‘li bilan odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash hisoblanadi.
Odam savdosidan jabrlanganlar O‘zbekiston Respublikasining diplomatik yoki konsullik muassasalariga murojaat qilishi lozim. Ushbu muassasalarning kontakt ma’lumotlari va joylashuv joylari haqidagi ma’lumotlarni https://mfa.uz/ saytida mavjud.
- Har qanday dav’atlarga ergashmaslik
Mehnat migrantlari xorijda bo‘lish davrida kutilmagan ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish maqsadida:
– korxona rahbarlari, hamkasblar va mahalliy aholi bilan do‘stona munosabatda bo‘lish;
– mahalliy xalqning urf-odatlari va milliy an’analarini hurmat qilish;
– jamoat joylarida o‘rnatilgan tartib va sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilish;
– davlat siyosatiga, korxona rahbariyati va boshqa shaxslarning ichki ishlariga aralashmasligi lozim bo‘ladi.
Inson hayoti uchun xavf tug‘ilishi mumkin bo‘lgan joylarga bormaslik, tajovuz qilingan taqdirda u yerdan tezda ketish, imkoni bo‘lmasa huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari yoki atrofdagi shaxslar e’tiborini turli yo‘llar bilan jalb qilishga harakat qilish lozim.
O‘sha davlatning huquqni muhofaza qilish organlari vakillari hujjatlarni tekshirish maqsadida talab qilgan taqdirda, huquqiy holatni tasdiqlovchi barcha hujjatlarni taqdim etish kerak.
Agarda huquqni muhofaza qiluvchi organ vakillari o‘z harakatlari bilan qonun doirasidan chetga chiqqan taqdirda, zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasining diplomatik (konsullik) muassasalari bilan bog‘lanish lozim.
Bugungi kunda chet davlatlarga ishlash uchun ketgan fuqarolarni turli xil urushlar va qurolli mojarolarga dav’at etish va jalb qilish hollari uchramoqda.
O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, polisiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga yollanishi — Jinoyat kodeksining 1541-moddasiga ko‘ra, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
