MIB doim haqmi?
Qarzdorni darrov tarmoqdan uzib qo‘yishdan oldin
Majburiy ijro byurosi faoliyati tufayli ayni paytda kommunal xizmatlar to‘lovlari o‘z vaqtida va to‘liq undirilib, iste’molchilar qarzdorligi kamayishiga erishilmoqda. Bu yaxshi albatta. Endi fuqarolar bu masalaga yanada mas’uliyat bilan qaray boshlasa-da, to‘lov intizomi degan tushuncha hammada ham to‘liq shakllanmayapti.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federasiyasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda aholidan eng ko‘p murojaat tushayotgan sohalardan biri gaz ta’minoti bilan bog‘liq. U umumiy murojaatlarning qariyb 21 foizini tashkil etadi. Unda fuqarolar, asosan, bosimning pastligi, asossiz qarzdorlik bo‘yicha shikoyat qiladi. Shu bilan birga, majburiy ijro byurosi xodimlarining noqonuniy xatti-harakatlari bo‘yicha ham arzlar mavjud ekan.
Amaldagi tartib-qoidaga ko‘ra, ushbu idora xodimlari qarzdorligi mavjud xonadonga energiya resursidan foydalanishni cheklash (tarmoqdan uzish) dan oldin, fuqaroga ogohlantirish xati berishi shart, deydi O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federasiyasi raisi o‘rinbosari Inomjon Tog‘ayev. Iste’molchi qarzini o‘z ixtiyori bilan bartaraf etishi uchun besh kun muddat belgilangan. Ammo bu qoida har doim ham ishlamaydi. Tarmoqdan yoppasiga uzib qo‘yish hollari uchraydi. Savol tug‘iladi, nega?
Ma’lumki, qayta tarmoqqa ulangandan keyin iste’molchi eng kam oylik ish haqining ikki barobari miqdorida jarima ham to‘laydi. Mazkur summa esa, o‘z navbatida, MIB hisobiga tushadi. Shu nuqtai nazardan olib qaraganda, hozirgi vaqtda mana shu ogohlantirish muddatiga amal qilinmayapti.
Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanida shunday holat yuz bergan. Tuman majburiy ijro byurosi xodimlari fuqaroning uyiga yakshanba kuni kelib, undagi tabiiy gazdan mavjud 415 ming so‘m qarzdorlik sababli ogohlantirishsiz tarmoqdan uzgan. Vaholanki, xonadon sohibi plastik kartasidan to‘lovni amalga oshirmoqchi bo‘lganda, idora xodimlari uni qabul qilishdan bosh tortgan. Xonadon sohibiga pulni kassaga to‘lashini aytgan. Shu tariqa, iste’molchi tarmoqdan uzilgan. Ertasi kuni fuqaro ham mavjud qarzini, ham qo‘shimcha jarimani to‘lagach, tarmoqqa qayta ulandi.
Mazkur voqeadan so‘ng, fuqaro federasiyaning 1091 qisqa raqamli Ishonch telefoni ga qo‘ng‘iroq qilib, mazkur holat yuzasidan shikoyat qildi. U MIB xodimlari xatti-harakati qonuniy yoki qonunga xilof ekanini bilmoqchi bo‘ldi. Masala yuzasidan federasiya mutaxassislari tartib aslida qanday bo‘lishi lozimligi xususida huquqiy maslahat berdi.
Qonuniy tomonlarini bilib olgach, fuqaro tuman MIBga rasman murojaat etadi. Biroq ushbu vaziyatda mutasaddilar uning nohaqligi, to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirmagani bois gaz tarmog‘idan asosli ravishda uzib qo‘yilganini uqtiradi. Shundan keyin fuqaro Qoraqalpog‘iston Respublikasi MIBga, yuqori turuvchi organga ariza yo‘llaydi. Ammo ariza qaytib quyi idoraga tuman MIBga kelib tushadi va fuqaroga yuqoridagi kabi yana yumaloq-yostiq qilib javob qaytariladi.
Oxiri Federasiyaning bevosita aralashuvi tufayli, ya’ni respublika majburiy ijro byurosiga rasmiy xat yo‘llab, qonunchilik talablari buzilgani ko‘rsatilgandan so‘ng, fuqaroning to‘lagan jarima miqdori qaytarib berildi. Undan uzr so‘ralib, qonunbuzilishiga yo‘l qo‘ygan MIB xodimiga tegishli chora ko‘rildi.
Manba: od-press.uz
