Mashhur model Husanovga uchrashuv taklif qildi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Manchester Siti” himoyachisi Abduqodir Husanov tug‘ilgan kuni munosabati bilan tabriklarni olishni davom etmoqda.
22 yoshga qadam qo‘ygan legionerimiz 29 fevral kuni tug‘ilgan. Bu yilgi taqvimda fevral oyi 28 kundan iborat bo‘lgani uchun Abduqodir asosiy tabriklarni 1 mart kuni qabul qilib oldi. Shanday bo‘lsa-da, Husanovni shodiyona kuni munosabati bilan yo‘llangan tabriklar kelishi davom etmoqda.
Xususan, Abduqodir “Manchester Siti” klubi, Erling Xoland, Rodri Ernandes ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalari orqali qutladi. Endi ular qatoriga janubiy koreyalik mashhur model va bloger Pak Xijon qo‘shildi.
Mashhur bloger va model Pak Xi Jon o‘zining Instagram sahifasida post joylab, O‘zbekiston milliy terma jamoasi hamda “Manchester Siti” himoyachisi Abduqodir Husanovni tabrikladi. Shuningdek, model o‘zbekistonlik futbolchi libosida tushgan suratlarini ham e’lon qildi. Kadrlardan birida ularning sun’iy intellekt yordamida yaratilgan qo‘shma surati ham mavjud.
“Tug‘ilgan kuningiz bilan, O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Husanov!
Tug‘ilgan kuningiz muborak!
Manchesterga qaytishni sabrsizlik bilan kutyapman — shaxsan uchrashib, sizdan dastxat olishga umid qilaman!”, — deb yozgan qiz o‘z postida.
Eslatib o‘tamiz, aslida “Bunyodkor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Abduqodir Husanov professional faoliyatida Belarusning “Energetik-BGU” jamoasida boshlagan. O‘zbekiston yoshlar terma jamoalaridagi o‘yinlari bilan Yevropa klublari nazariga tushgan Abduqodir Husanov 2023 yili Fransiyaning o‘sha paytdagi vise-chempioni “Lans” tarkibiga ko‘chib o‘tdi.
Fransiya klubidagi bir yarim yillik faoliyatidan keyin Abduqodirni 2025 yilning 20 yanvarida “Manchester Siti” 40 million yevro evaziga o‘z safiga qo‘shib olgan.
Pak Xi Jon esa, talab yuqori bo‘lgan fotomodel hisoblanadi, u ko‘pincha kiyim-kechak va kosmetika brendlari bilan ishlaydi hamda “Oljon” uslubidagi (bu uslubda asosiy e’tibor yuz va grimga qaratilgan bo‘lib, maqsad — imkoni boricha yosh va yoqimli ko‘rinishdir)estetik fotosessiyalarda ishtirok etadi. Instagram tarmog‘ida unga taxminan 50 ming nafar follover obuna bo‘lgan.
