Lior Xayat Eronning yangi prezidentini «Tehron qassobi» deb atadi

Lior Xayat Eronning yangi prezidentini «Tehron qassobi» deb atadi

Isroil Tashqi ishlar vazirligi vakili Lior Xayat 19 iyun kuni Eron prezidenti etib saylangan Ibrohim Raisiyni «Tehron qassobi» deb atadi. Bu haqda uningTwitter’dagi sahifasiga asoslanib, «Interfaks» xabar berdi.

Uning ta’kidlashicha, Raisiy xalqaro hamjamiyat tomonidan 30 mingdan ziyod odamning suddan tashqari qatl etilishidagi ishtiroki uchun qoralangan.

Mamlakatda bo‘lib o‘tgan saylovlar esa ushbu davlatning asl niyatini ko‘rsatgan, yangi prezidentning Eron yadro dasturini ma’qullagani esa boshqa davlatlarni tashvishga solishi kerak.

«Endi Eron yadro dasturini to‘xtatish har qachongidan ham zarurroqdir», — deya qayd etgan Isroil Tashqi ishlar vazirligi vakili Raisiy Eronning eng ekstremistik yetakchisiga aylanganini qo‘shimcha qilgan holda.

Ma’lumot o‘rnida, Raisiy uchta raqibiga qaraganda ancha ko‘p ovoz olgan. Unga 17,9 million kishi ovoz bergan, bu saylovchilarning deyarli 62 foizini tashkil etadi.

Ma’lumot o‘rnida, Eronda 18 iyun kuni prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tgandi. Eron ichki ishlar vaziri Abdulrizo Rahmoniy Fazliy saylovning dastlabki natijalari ovoz berish tugagandan keyin ikki kun ichida e’lon qilinishini ma’lum qilgan. Prezidentlik lavozimiga to‘rt nomzod raqobatlashgan.

Dastlab nomzodlar soni ko‘p bo‘lgan, ammo so‘nggi bir hafta ichida ko‘pchilik o‘z nomzodini qaytarib olgan. Eronning amaldagi prezidenti Hasan Ruhoniy esa ikki muddat ketma-ket prezident lavozimida ishlab kelgani uchun o‘z nomzodini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lmagan.

Avvalroq Isroil tashqi razvedka xizmati sobiq direktori Eronga qarshi yashirin operasiyalar haqida ma’lum qilgan. Shuningdek, Eron tashqi ishlar vaziri G7 va NATO davlatlari Tehronga «aql o‘rgatish» huquqiga ega emasligini aytgandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!