Liberiya prezidenti Jozef Boakai o‘z maoshini 40 foizga qisqartirdi

Liberiya prezidenti Jozef Boakai o‘z maoshini 40 foizga qisqartirdi

Liberiya prezidenti Jozef Boakai o‘z maoshini 40 foizga qisqartirish to‘g‘risida buyruq berdi. Bu haqda prezident idorasi tarqatgan xabarga asoslanib, BBC nashri ma’lum qildi.

Prezident Josef idorasi “mas’uliyatli boshqaruv” uchun namuna yaratish tadbirlari doirasida hukumat, xususan, prezident maoshini ham tartibga solishni boshlagan. Ushbu tadbir vositasida xalq bilan birdamlikka erishish maqsad qilingan.

Liberiyada so‘nggi paytlarda yashash narxlari oshishi va yuqori inflyasiya oqibatida aholi noroziligi kuchaygan. Hukumat ishchilar maoshlarini qattiq nazorat ostida ushlab, ularni oshirish borasidagi talablarni rad etib kelmoqda.

Jozef Boakaiga ko‘ra, uning davlat tomonidan tayinlangan maoshi 13 400 dollarni tashkil etadi. 40 foizga qisqarish ortidan esa prezident endilikda oyiga 8000 dollar atrofida pul oladi.

Mamlakatning oldingi prezidenti Jorj Vea ham vakolat davrida o‘z maoshining 25 foizidan voz kechgan edi. Prezident bu harakatni tejamkor byudjet shakllantirishga undash talabi bilan amalga oshirgani aytiladi.

Amaldagi prezident Josef Boakaining o‘z maoshini qisqartirish qarori mamlakat aholisining ko‘pchiligi tomonidan iliq kutib olingan bo‘lsa-da, bir guruh fuqarolar bunga shubha bildirishgan. Bu tadbir shunchaki aholi noroziligi oldini olish uchun o‘ylab topilgan “kichik qurbonlik” ekani aytilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Liberiya prezidenti devonining yillik byudjeti 3 million dollarni tashkil etadi. Prezident oilasi uchun ajratiladigan alohida mablag‘ miqdori esa oshkor qilinmaydi. Bundan tashqari prezident oilasi katta miqdordagi tibbiy sug‘urta imtiyozlariga ham ega.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!