"Ko‘ngli yarim": 500 mingga narxlangan go‘dak

"Ko‘ngli yarim": 500 mingga narxlangan go‘dak

Hayotning pastu balandi insonni turli sinovlarga soladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi O‘rta qal’a ovulida istiqomat qiluvchi Nurnazar ota va Ziyuarxon aya ham o‘g‘lini uylantirib, nevarali bo‘lishdi. Endigina farzandlari rohatini ko‘raman, deganida, avvaliga o‘g‘li, so‘ngra kelini bevaqt olamdan o‘tdi.

Ota-onasidan erta ajralgan 9 yashar Gulshan bobosi va buvisi qo‘lida qoldi. Nevaramizning ko‘ngli yarim, uni hech kimdan kam qilmasligimiz kerak , deya nuroniylar o‘zlari yemay-ichmay, borini Gulshan uchun sarflashdi. Oilaning topgan-tutgani nevaraning yarim ko‘nglini to‘ldirishga ketardi. Qizaloq ham buvisi va buvasining qo‘l-oyog‘iga aylandi.

Gulshan kollejga kirgach, vaziyat o‘zgardi. Dugonalarining turli-tuman liboslari, yangi rusumdagi telefonlari Gulshanning ham ishtaha sini ochdi. Nuroniylar avvaliga unga qo‘l telefoni, bejirim liboslar olib berishdi, qo‘liga beriladigan pullar vazni ham birmuncha oshdi. Bora-bora qizning odatlari ham ko‘paydi. Ko‘chaga chiqib ketib, allamahalda kirib keladigan bo‘ldi.

Kunlarning birida Gulshanning tobi qochdi. Hali 16 yoshga to‘lmagan qizning homilador ekani ma’lum bo‘lgach, kattalar boshini changallab qoldi. Bobosi: Vaqtida qaramading, doimo erkalatding , deya buvisini koyisa, ikkinchi tomondan, Ziyuarxon aya yuragi ezilib yig‘lardi. Otasi ham noma’lum bo‘lgan homila esa ancha katta, undan voz kechish Gulshanning ahvolini og‘irlashtirishi mumkin edi. Hech kim istamasa-da, chaqaloq yashirincha dunyoga keldi.

500 mingga narxlangan go‘dak

Nurnazar ota tezroq go‘dakdan qutulish payiga tushdi. Bu xaqda ayoliga ham bir necha bor aytdi. Ko‘pchilikka ovoza bo‘lmasdan boladan qutulish kerak , deya bot-bot takrorlangan gaplar buvining ham roziligiga sabab bo‘ldi. O‘zaro maslahatlashib, xaridor topilsa, go‘dakni sotishga kelishib olishdi.

Izlagan imkon topar , deganlaridek, tez orada xaridor ham topildi. Qo‘shni mahallada yashovchi Gulmira Atoyeva bilan savdo tezda pishdi .

So‘ragan pullaringiz juda kam-ku. Mayli, sizlarga yordam beraman, dedi Gulmiraxon.

Baraka toping, boladan qutulishimiz kerak va shu orada bir-ikki so‘mlik bo‘lsak, degandik, deya o‘zini oqladi Ziyuarxon aya.

Ertasiga pulni olib kelishga va’dalashgan Gulmira mazkur holat bo‘yicha tuman IIB xodimlariga murojaat qildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar yordamida ushbu mudhish voqeaning oldi olindi.

Mazkur holat Jinoyat ishlari bo‘yicha Xo‘jayli tumani sudida ko‘rib chiqildi. Sud hukmiga ko‘ra, Nurnazar Pirnazarov va Ziyuarxon O‘ljayeva aybdor deb topilib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Huquqbuzarlarning qilgan ishidan qattiq pushaymonligi, voyaga yetmagan nevarasining yolg‘iz boquvchisi ekani inobatga olinib, jazo 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlariga almashtirildi.

Atigi 500 ming so‘m... Nahotki, dunyoga kelgan norasida go‘dak taqdiri shu pulga baholansa? Yosh bo‘lsa-da, onalik mehri Gulshan qalbini zabt etmadimikan? Nevarasini oq yuvib, oq taragan nuroniylar nahotki shu go‘dakka rahmi kelmagan bo‘lsa? Ularni nafs balosi o‘z iskanjasiga oldimi yoxud oriyatmi? Savollar ko‘p, javob esa... Nima bo‘lganda ham, jinoyat sodir etildi. Sud esa ularning qilmishiga yarasha jazo tayinladi. Ammo o‘z farzandini pullash niyatida bo‘lgan Gulshan va uning yaqinlari vijdon azobidan qanday qutular ekan?

Manba: mahalladosh.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!