Koronavirusga chalingan Surxondaryo hokimining "o‘limi" haqida shifokor xabar berganligi aniqlandi

Koronavirusga chalingan Surxondaryo hokimining "o‘limi" haqida shifokor xabar berganligi aniqlandi

Oldinroq koronavirusga chalingan Surxondaryo viloyati hokimining vafot etgani haqida turli xabarlar tarqalgandi. Keyinroq bu ma’lumot o‘z isbotini topmadi.

Mazkur holat viloyat prokuraturasi tomonidan tezkorlik bilan nazoratga olinib, holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilishi ta’minlandi. Tekshirish natijasida, ushbu xabarni tarqatgan shaxs fuqaro D.O. ekanligi aniqlangan.

“Haqiqatchi blogerlar” akkauntini yurituvchi D.O. 1971 yilda Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. Buni qarangki uning ma’lumoti oliy bo‘lib Samarqand Tibbiyot institutini tamomlagan. Aslida  Sariosiyo tumani Tibbiyot birlashmasiga qarashli tez tibbiy yordam bo‘limida shifokor-kardiolog bo‘lib ishlaydi. Sariosiyo tumani Sharg‘un shahrida joylashgan poliklinikada ham davolovchi shifokor sifatida ham faoliyat yuritadi.

Tekshirishda fuqaro D.O. ushbu xabarni unga viloyat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik Markazi xodimidan olganligini ma’lum qilib, ushbu ayol ismini aytmagan. Begona ayol o‘z telefon raqamidan 24 iyul kuni soat 08:00larda qo‘ng‘iroq qilib, avvaliga muammolari haqida aytgan. Keyin esa go‘yo Surxondaryo viloyati hokimi vafot etganligi haqida bildirgan.

Shu paytning o‘zida D.O o‘zining “Redmi NOTE 9” rusumli telefon apparatida ushbu yolg‘on (rasmiy tasdiqlanmagan) xabar to‘g‘risida post tayyorlab “Facebook” hamda “Telegramm” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifalariga joylashtirgan.

Tekshiruvda to‘plangan hujjatlar 24.07.2020 yilda O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 40-(tuhmat) va 46-moddasi (fuqaroga ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etish) bilan Uzun tumani ma’muriy sudiga yuborilgan va sudning shu kundagi qarori bilan huquqbuzar D.Oga nisbatan ba’zaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan. Ish bo‘yicha dalil tariqasida olingan Redmi 9 not rusumli uyali qo‘l telefoni ma’muriy huquqbuzarlik sodir etish quroli sifatida davlat foydasiga musodara qilindi.

Tekshiruvlar davom ettirilib, D.O ga qo‘ng‘iroq qilib yolg‘on ma’lumot taqdim etgan noma’lum ayol Termiz shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimi G.R ekanligi aniqlandi.

G.R o‘z tushuntirishida  D.Oga mazkur yolg‘on xabarni aytganligini bildirdi.

Mazkur holat yuzasidan G.Rga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 40-moddasi (tuhmat) bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib tegishli sud organiga yuborilgan.

So‘z erkinligi konstitusiyaviy kafolatlangan, ammo, u boshqalarning qonun bilan himoyalangan huquq va manfaatlariga zarar yetkazmasligi zarur.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!