Kompyuter o‘yinlarini o‘ynab, ta’lim olish mumkin

Kompyuter o‘yinlarini o‘ynab, ta’lim olish mumkin

Finlyandiyaning aksariyat yigitlari ingliz tilini qizlarga qaraganda yaxshiroq biladi. Chunki ular asosan mahalliylashtirilmagan va ingliz tilida chiqadigan kompyuter o‘yinlarini o‘ynaydi.

 

Bu – o‘yin orqali ta’lim olishning an’anaviy ta’limdan afzalligini yaqqol ko‘rsatadi. Oldindan ma’lumki, odamlar o‘ziga qiziq bo‘lgan yangi ma’lumotni yaxshiroq o‘zlashtiradi.

Toshkentdagi Inha universitetida bo‘lib o‘tgan professor Piter Vesterbakaning IT-mutaxassislari va tadbirkorlar uchun o‘tkazgan treningi aynan shu mavzuga bag‘ishlandi.

Piter Vesterbaka butun mobil o‘yinlar sanoatining rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan mashhur “Angry Birds” mobil o‘yinining ishlab chiqaruvchilaridan biri hisoblanadi. Ushbu o‘yinni chiqargan “Rovio” kompaniyasiga o‘tgunga qadar Piter Vesterbaka ancha vaqt axborot texnologiyalari sohasida ishlagan va bir qator yirik IT-loyihalarni yaratgan. 2011 yilda finlyandiyalik IT-mutaxassis “TIME” jurnalining reytingida dunyoning eng obro‘li odamlarning yuztaligiga, 2015 yilda esa o‘ntaligiga kirdi. 2018 yilda u Shanxaydagi Tunszi universitetining innovasiyalar va tadbirkorlik bo‘yicha professori bo‘ldi.

Piter Vesterbaka o‘z nutqini Kremniy vodiysining paydo bo‘lishi va mobil texnologiyalarning rivojlanishi tarixiga nazar tashlashdan boshladi. Finlyandiyalik tadbirkorning fikricha, innovasiyalarni nafaqat yaratish, balki ularni targ‘ib qilish kerak. Mobil telefonlar uchun ringtonlarni sotish biznesi endi paydo bo‘layotgan paytda hech kim qo‘ng‘iroq uchun musiqa sotish foyda olib kelishiga ishonmagan. Piter Vesterbaka birinchilardan bo‘lib ushbu texnologiyaga ishonib, uni uyali aloqa operatorlariga taklif eta boshlagan. Mazkur texnologiyani joriy etgan kompaniyalar atigi bir necha hafta ichida o‘zlarining kiritgan mablag‘ini qoplab, ushbu xizmat yo‘q bo‘lguncha muntazam foyda olgan.

Finlyandiyalik professor o‘zbek startapchilarini o‘z orzusi sari intilish va omadsizliklarga qaramasdan o‘zi sevgan ish bilan shug‘ullanishni davom ettirishga chorladi. Uning ta’kidlashicha, “Angry Birds”ga qadar “Rovio” kompaniyasi ko‘plab o‘yinlar yaratgan, ammo ulardan faqat bittasi haqiqatdan ham katta shuhrat qozongan. O‘z ishiga muhabbatgina insonni ijobiy natijalar yo‘qligiga qaramasdan shu ish bilan shug‘ullanishga da’vat etadi.

Piter Vasterbaka Finlyandiyada ta’lim tizimi boshqa davlatlardagi ta’lim tizimidan nima bilan farq qilishini tushuntirib berdi. Shuningdek, u o‘zining so‘nggi loyihalari va kompyuter o‘yinlari orqali ta’lim olish konsepsiyasini namoyish etdi.

Piter Vasterbaka o‘z nutqi so‘nggida trening ishtirokchilarining savollariga javob berdi.

Manba: hidoyat. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!