Kimlar malaka toifasini berish buyicha majburiy attestasiyaga jalb etilmaydi?

Sanjar Sharipov,
Tibbiyot va farmasevtika xodimlarining malakasini baholash markazi direktori:
— Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasqidlangan Tibbiyot va farmasevtika xodimlarini attestasiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifalari berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentiga ko‘ra, malaka toifasini berish bo‘yicha majburiy attestasiyaga jalb etilmaydigan, ya’ni ixtiyoriy ravishda malaka toifasini berish bo‘yicha attestasiyalarda ishtirok etishi mumkin bo‘lgan mutaxassislar ham bo‘lib, bunga quyidagilar kiradi:
fan nomzodi, falsafa doktori (Doctor of Philosophy (PhD) yoki fan doktori (Doctor of Science (DSc) darajasiga hamda Oliy attestasiya komissiyasi tomonidan berilgan katta ilmiy xodim, dosent va professor ilmiy unvoniga ega bo‘lgan oliy tibbiy ta’lim tashkilotlarining shifokor va farmasevtlari;
(Izoh: bunda oliy tibbiy ta’lim tashkilotlarining kafedralarida faoliyat yuritayotgan shifokor va farmasevtlar nazarda tutilgan bo‘lib, boshqa tibbiyot muasasalarida faoliyat yuritadigan ilmiy daraja hamda ilmiy unvonga ega shifokor va farmasevtlar uchun malaka toifasini berish bo‘yicha attestasiyadan o‘tish majburiy ekanligini anglatadi. Shuningdek, ularning amaldagi malaka toifasi muddati tugagandan so‘ng malaka toifasi uchun to‘lanadigan qo‘shimcha to‘lov to‘xtatiladi).
tibbiyot yoki farmasevtika faoliyati bilan shug‘ullanayotgan va qonunchilikka muvofiq pensiya yoshiga to‘lgan shifokor va farmasevtlar;
(Izoh: bunda ularning amaldagi malaka toifasi muddati tugagandan so‘ng malaka toifasi uchun to‘lanadigan qo‘shimcha to‘lov to‘xtatiladi. Malaka toifasi uchun qo‘shimcha to‘lov to‘lanishi uchun navbatdagi yoki amaldagi malaka toifasini olish uchun o‘rnatilgan tartibda hujjat topshirib, attestasiyadan o‘tishi talab etiladi).
tibbiyot yoki farmasevtika faoliyati bo‘yicha uch yildan kam bo‘lgan ish stajiga ega shifokor va farmasevtlar;
(Izoh: bunda qaror bilan tasdiqlangan Reglamentga ko‘ra, ikkinchi malaka toifasi uchun eng kamida uch yil ish staji talab etiladi, shunga ko‘ra ushbu shifokor va farmasevtlar uchun mazkur davrda malaka toifasi olish ixtiyoriy etib belgilanganligini anglatadi).
homilador ayollar, ular homilador bo‘lgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida;
homiladorlik va tug‘ish hamda bolani parvarish qilish ta’tillarida bo‘lgan ayollar, ular ta’tilda bo‘lgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin bir yil davomida;
tibbiyot yoki farmasevtika faoliyati bilan shug‘ullanayotgan uch yoshgacha bolalari bor ayollar;
uzoq vaqt davomida (uch oydan ortiq) davolanayotgan shifokor va farmasevtlar, ular davolanayotgan davrda hamda ishga chiqqanidan keyin olti oy davomida;
chet davlatlarga o‘qishga, qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslariga yuborilgan shifokor va farmasevtlar.
Bunda, 4, 5, 6, 7, 8-xatboshilardagi shifokor va farmasevtlar faqatgina belgilangan davr davomida malaka toifasini berish bo‘yicha majburiy attestasiyaga jalb etilmaydi.