Kayla Xarrison UFCda erkak jangchilarga qarshi oktagonga chiqmoqchi

Kayla Xarrison UFCda erkak jangchilarga qarshi oktagonga chiqmoqchi

Dzyudo bo‘yicha ikki karra Olimpiada chempioni, PFL ligasi chempioni Kayla Xarrison yaqinda UFC promoushenida debyut qilgandi.

Ayni paytda Xarrison o‘z vazn toifasida munosib raqib topa olmayapti. Promoushen rahbarlari ham bu borada qiyinchilikka duch kelishgan. Shu boisdan ham u ligadagi erkak jangchilar bilan jang qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda amerikalikning menejeri Ali Abdel-Aziz Submission Radio radiosiga bergan intervyusida aytdi.

"Keyingi raqib Merab Dvalishvili yoki Aljameyn Sterling bo‘ladi. O‘ylashimcha, bu juda raqobatga to‘la, yorqin jang bo‘ladi. Ha, bu to‘g‘ri emasdir. Lekin qizlardan hech kim u bilan jang qilishni istamayapti. Bu holatda Kayla erkaklarning eng yengil vazn toifasida jang o‘tkazishiga to‘g‘ri keladi. Sobiq chempion Xolli Xolmni qanday mag‘lub etganini hamma ko‘rdi", - dedi Abdel-Aziz.

Alining aytishicha, ikki vaznda sobiq UFC chempioni Amanda Nunes Xarrison bilan jang qilishdan qochib, faoliyatini yakunlab qo‘ya qolgan.

Ma’lumot uchun, 33 yoshli Kayla Xarrison shu yilning aprel oyida Las-Vegas shahrida o‘tkazilgan yubiley UFC 300 turnirida sobiq UFC chempioni Xolli Xolmni ikkinchi raundda bo‘g‘ib qo‘ygandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!