Jodugar, folbinlar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin

Jodugar, folbinlar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin

O‘zbekistonda sehr-jodu bilan shug‘ullanganlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkin. Adliya vazirligi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksiga shu haqida normalar kiritishni taklif qilmoqda.

Hozirgi kunda folbin, sehrgar, ekstrasenslar va boshqa shu kabi shaxslar tomonidan inson va aholining ommaviy ongiga salbiy ta’sir o‘tkazish holatlarining oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan qonun qabul qilinishi zarurati yuzaga kelmoqda , deyiladi Adliya vazirligining Kun.uz internet nashriga bergan xabarida.

Adliya vazirligi bu kabi ezoterik masalalar haqida nega qayg‘urib qoldi: vazirlikning aytishicha, hozirgi vaqtda O‘zbekistonda sehr-joduning keng tarqalishi kuzatilayotgan ekan.

  • Mazkur holat jamiyatning madaniy-axloqiy qadriyatlariga zarar yetkazilishiga, oilalarning buzilishiga, shuningdek shaxslar o‘rtasidagi qon-qarindoshlik aloqalari uzilishiga sabab bo‘layotgan ekan.

Buning oldini olish maqsadida O‘zbekiston musulmonlar idorasi doimiy ravishda aholi o‘rtasida sehr-jodu amallari bilan shug‘ullanuvchilar xizmatidan foydalanmaslik to‘g‘risida tushuntirish ishlarini olib borayotgan ekan.

Lekin O‘MI tomonidan 318 ta davra suhbati o‘tkazilganiga qaramasdan sehr-jodu qilish vaji bilan fuqarolarning ishonchiga kirib, firibgarlik qilinayotgan hollar uchrab turayotgan ekan.

  • 2019 yilning o‘tgan 3 oyi davomida bunday holatlar yuzasidan 20 kishiga nisbatan 1 ta jinoyat ishi, 18 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan. Moddiy zarar miqdori 22 mln. so‘mdan ortiq.
  • Bundan tashqari, birgina Qashqadaryo viloyatining o‘zida sehr-jodu bilan shug‘ullanuvchi 337 kishi aniqlangan, ularning ustidan 115 ta shikoyat kelib tushgan.

Adliya vazirligi Hindiston, JAR, Uganda, Zambiya, Keniya, arab davlatlari kabi 20 dan ortiq mamlakatda sehr-jodu amaliyotining huquqiy tartibga solinishini o‘rgangan. Ba’zilarida sehr-jodu bilan shug‘ullanish qonun bilan, ba’zilarida shariat qoidalari bilan taqiqlangan, yana boshqalarida bu faoliyatga tadbirkorlikning bir ko‘rinishi sifatida qaralar ekan.

Xalqimizning azaliy qadriyatlari, muqaddas dinimiz sehr-jodu bilan shug‘ullanishga tadbirkorlikning bir turi sifatida qarashga, shunday qabul qilishga aslo yo‘l qo‘ymaydi , deydi Adliya vazirligi.

Adliya vazirligi sehr-joduga qarshi qanday kurashmoqchi: vazirlik mutaxassislari bir qator qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritmoqchi.

  • Xususan, Reklama to‘g‘risida gi qonunga sehr-jodu xususiyatiga ega bo‘lgan reklamalarni tarqatishni taqiqlovchi;
  • Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va Jinoyat kodeksiga esa sehr-jodu bilan shug‘ullanganlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlikni belgilovchi normalar kiritilishi ko‘zda tutilmoqda.

Manba: minbar.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!