Jizzaxdagi mehmonxonada o‘tkazilgan tezkor tadbirda og‘ufurush qo‘lga olindi

Jizzaxdagi mehmonxonada o‘tkazilgan tezkor tadbirda og‘ufurush qo‘lga olindi

Jizzax viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari viloyat DXX xodimlari bilan hamkorlikda Jizzax shahrida joylashgan mehmonxonalardan birida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida giyohvand moddalarning g‘ayriqonuniy aylanishi bilan bog‘liq jinoyatni fosh etishdi.

Xorijiy davlat fuqarolari D.Z va D.M ismli shaxslarga tegishli chemodan-keys ichi ko‘zdan kechirilganda, uning tag qismiga maxsus joylashtirilgan holdagi 1 dona qora polietilen o‘ramda bo‘lgan, jami og‘irligi 1 kg 170 grammni tashkil etuvchi “geroin” giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.

Tekshiruv vaqtida D.Z ning yonidan ham 73 dona kichik va 5 ta katta polietilen o‘ramdagi, jami og‘irligi 720 gramm bo‘lgan “geroin” giyohvandlik moddasi borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olib qo‘yildi.

Shuningdek, tezkor tadbir davomida ushbu shaxslarning xatti-harakatlari shubha uyg‘otganligi sababli ikkala fuqaro ham Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam ilmiy markazi viloyat filialiga olib borilib, ichki tana a’zolari shifokor ko‘rigidan o‘tkazildi.

Ko‘rik xulosasiga ko‘ra D.Z ning ichki a’zolaridan yana qo‘shimcha 27 dona polietilen o‘ramlarda, jami og‘irligi 157 gramm bo‘lgan “geroin” giyohvandlik moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Natijada, o‘ramlari bilan birga jami 2 kg 47 gramm, sof og‘irligi esa 1639.63 gramm bo‘lgan “geroin” giyohvandlik moddasi ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.

Davlat bojxona qo‘mitasi Axborot xizmati xabariga ko‘ra, ayni vaqtda ushbu giyohvandlik moddasini qayerdan olinganligiga aniqlik kiritish maqsadida qo‘shimcha tezkor qidiruv harakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!