Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Tashiyevning iste’foga chiqishi sababini aytdi
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) rahbari Kamchibek Tashiyevni lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi qaror milliy tinchlik uchun qabul qilingan.
Bu haqda prezident Sadir Japarov “Xabar” axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Bizning do‘stligimiz saqlanib qolmoqda. Tashiyevni lavozimidan ozod qilish to‘g‘risidagi qaror milliy tinchlik va jamoatchilik totuvligi uchun qabul qilindi. Uni ishdan bo‘shatishdan oldin men do‘stimga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni tushuntirdim. Bunday tezkor qaror qabul qilish orqali men uni qutqarib qoldim. Sababi, uning atrofidagilar uni noto‘g‘ri yo‘lga olib borishgan”, dedi Japarov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, MXDQ rahbarining iste’foga chiqishiga ayrim siyosatchilarning parlamentni Tashiyev jamoasi va davlat rahbari jamoasiga bo‘lishga urinishi sabab bo‘lgan.
"Hammasi Jogorku Keneshdan (parlament) boshlandi. Ba’zi parlament guruhlari deputatlarni taklif qila boshladilar va ularni general yoki prezident tomonida ekanligiga qarab ajratdilar. Agar men tezkor va qat’iy choralar ko‘rmaganimda, kelishmovchilik oddiy odamlarga ham tarqalishi mumkin edi. Shuning uchun men bu qarorni qabul qilishim kerak edi", deb ta’kidladi Japarov.
Eslatib o‘tamiz, 10 fevral kuni Japarov Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Tashiyevni ishdan bo‘shatdi, u 2020 yil oktyabridan beri bu lavozimda ishlab kelayotgan edi.
