Yurtimizda giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tezkor tadbirlar o‘tkazildi
1️⃣ Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida Andijon viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Xo‘jaobod tumani hududida harakatlanayotgan, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi, 1991 y.t., muqaddam sudlangan shaxsga tegishli “BYD” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.
Natijada, uning salon qismida 6 dona polietilen o‘ramlarda bo‘lgan, jami 5 kg 946 gr “Mefedron” sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, u ushbu ajal og‘usini narkokur’erlar tomonidan “zakladka” tarzida qoldirilgan joydan olib, Toshkent shahriga ketayotgan bo‘lgan.
2️⃣ Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan poytaxtimizda o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, xorijdan kur’erlik jo‘natmasi orqali qandolat mahsulotlari orasiga yashirgan holda yuborilgan 350 gr “Klefedron” sintetik narkotik moddasini qabul qilib olgan vaqtida Chilonzor tumanida yashovchi, 2006 y.t. shaxs ushlandi.
So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, uning sherigi bo‘lgan – Yashnobod tumanida yashovchi, 1991 y.t. shaxs ham jinoyat ustida qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, mazkur fuqaro o‘zining yashash xonadonida narkolaboratoriya tashkil qilgan bo‘lib, undan taxminiy og‘irligi 5,3 kg bo‘lgan sintetik giyohvand moddalar, gashish va marixuana moylariga o‘xshash moddalar, elektron tarozilar, kolba idishlar, uyali aloqa vositalari va laboratoriyada foydalaniladigan moslamalar ashyoviy dalil sifatida olindi.
3️⃣ DXX Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Ichki ishlar va Bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida yashovchi, 1981 y.t., muqaddam sudlangan shaxs Qirg‘iz Respublikasidan Andijon viloyatiga noqonuniy olib o‘tilgan 1 kg 23 gr “geroin” moddasini shartli xaridorga 18500 AQSh dollariga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.
4️⃣ Sirdaryo viloyatida qayd etilgan holatda, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1993, 1996 va 1997 yillarda tug‘ilgan 3 nafar shaxs ketayotgan “Kobalt” rusumli avtotransport vositasi Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar hamda Bojxona organlari xodimlari hamkorligida Sayxunobod tumanidagi “Sayxun” YPX maskanida to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.
Natijada, avtomashinaning eshik qismidagi xufiyona joyga 2516 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari yashirilganligi aniqlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, ular ushbu dori vositalarini muqaddam kur’erlar tomonidan Qo‘qon shahridagi “zakladka” tarzida qoldirilgan joydan olishgan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
