Raqobat qo‘mitasi “Alhadaya” ishlab chiqaruvchilarini jarimaga tortdi
Raqobat qo‘mitasi “Alhadaya” ishlab chiqaruvchi MCHJni jarimaga tortdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan “Alhadaya” biologik faol qo‘shimchasi reklamasi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida, mazkur reklamada ta’sir xususiyatiga ega bo‘lmagan iboralardan foydalanilgani, BFQ to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berilmagani hamda uning terapevtik samaradorligi va kasalliklarni yengillashtirishi haqida ma’lumotlar berilganilik holatlari aniqlandi. Bu esa iste’molchilarda BFQni dori vositasi sifatida tushunishga sabab bo‘lishi mumkin.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuni 35-moddasiga muvofiq, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar hamda oziq-ovqat qo‘shimchalarini reklamasiga nisbatan qator majburiy talablar belgilangan.
Jumladan, bunday reklama:
Ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega degan taassurotni uyg‘otmasligi;
Ularni qo‘llash natijasida odamlar davolanganligiga, ularning ahvoli yaxshilanganligiga doir muayyan hollarga havolalarni o‘z ichiga olmasligi;
Ularning qo‘llanilganligi munosabati bilan jismoniy shaxslar tomonidan bildirilgan minnatdorchilik izhorini o‘z ichiga olmasligi;
Sog‘lom ovqatlanishni rad etishga undamasligi;
Ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining tadqiqotlar o‘tkazilganligi, davlat ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risidagi faktlarga havolalar qilish, shuningdek boshqa tadqiqotlar natijalaridan ularni qo‘llash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri tavsiya shaklida foydalanish orqali dori vositalariga nisbatan afzalliklari haqidagi taassurotni yuzaga keltirmasligi;
Voyaga yetmaganlar olishi yoki iste’mol qilishi taqiqlangan ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasida bolalar tasviridan foydalanilmasligi kerak.
Ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi har bir holda reklama ob’ekti dori vositasi emasligi to‘g‘risidagi ogohlantirish bilan birga berilishi kerak.
Ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalar va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasi bo‘yicha rag‘batlantiruvchi aksiyalar o‘tkazish taqiqlanadi.
Yuqoridagi holatlarga muvofiq, Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilishi alomatlari bilan “ALHADAYA NEW” MCHJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llash yuzasidan qaror qabul qilindi.
Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
