Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev uch karra Jahon chempioniga aylangan ilk o‘zbekistonlik bokschi sifatida e’lon qilindi
O‘zbekiston boks federasiyasi Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayevni e’tirof etdi.
"Ha, qadrli boks ixlosmandlari, 2025 yil boksimiz uchun juda ham omadli yil bo‘ldi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Ikki tashkilot o‘tkazgan jahon chempionatida vakillarimiz munosib ishtirok etib, jahonda yetakchi boks mamlakati ekanligini yana bir bor isbotladi. Rekordlar qayd etildi. Bu natijalar negadir kamroq e’tirof etildi, nazarimizda...
Liverpulda bo‘lib o‘tgan World Boxing tashkilotining tarixiy ilk jahon chempionatida erkaklar terma jamoamiz 6 ta oltin medalni qo‘lga kiritib, rekord qayd etishdi.
Dubayda IBA tashkil etgan jahon chempionatida esa yana bir tarixiy voqelik yuz berdi. Aniqroq qilib aytsak, Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev kattalar o‘rtasida 3 karra jahon chempioni bo‘lgan birinchi o‘zbek bokschisiga aylandi. Ha, undan o‘ziga xos "xet-trik".
Bunga qadar, Ruslan Chagayev 1997 va 2001, Abbos Atoyev 2007-2009, Bahodir Jalolov 2019-2023, Abdumalik Xalokov 2023-2025 hamda Hasanboy Do‘smatov 2023-2025 yillar ikki marotaba oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev esa 2023 yil Toshkentda, 2025 yil har ikki tashkilot o‘tkazgan jahon chempionatida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilib, o‘zbek boksida o‘ziga xos tarix yoza oldi.
Darvoqe, Olimpiya dasturidan o‘rin olgan sport turlari bo‘yicha bu borada 4 talik dovon zabt etildi. Ya’ni, 3 karra jahon chempioni bo‘lgan o‘zbekistonlik sportchilar 4 taga yetdi. Asadxo‘jadan avval sport gimnastikasining afsonasi Oksana Chusovitina, og‘ir atletikachilarimiz Ruslan Nuriddinov hamda Akbar Jo‘rayevlar 3 marotaba jahonda tengsiz deb topilgan edi.
Demak, o‘zbek sportida "poker!” Biz bu “xet-trik”, “poker”lar yaqin yillarda “penta-trik”, "geksa-trik"larga aylanishiga ishonamiz!", deyiladi tashkilot xabarida.

