Jamoatchilik nazorati maskanlari ishlamayapti

Jamoatchilik nazorati maskanlari ishlamayapti

Bu ularni qurishga sarflangan 290 million so‘m havoga sovurildi, degani emasmi?

Viloyat hokimligida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish bo‘yicha viloyat komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Jinoyatchilikni bartaraf etish, huquqbuzarliklar profilaktikasiga doir dolzarb masalalar muhokama etilgan tadbirda komissiya a’zolari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etdi.

Dastlab viloyat hokimining o‘rinbosari R.Qobilov, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i A.Toshpo‘latov, O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi viloyat bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari S.Azizov, "Mahalla" xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi raisi B.Nasriyev, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i R.Yuldashevlarning jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklarga qarshi kurash borasida joriy yilning 11 oyi mobaynida amalga oshirilgan ishlarga oid hisobotlari tinglandi.

Viloyatda voyaga etmaganlar, ishlamaydigan, ilgari sudlangan shaxslar, ayollar va yoshlar tomonidan jinoyat sodir etilishi holatlari kamaygan, – dedi viloyat prokurori F.Zufarov. – Ammo ayrim yo‘nalishlarda kamchiliklar, ko‘zbo‘yamachiliklar ham borligi haqiqat.

Jinoyatchilik xavfini erta aniqlash va uning kelib chiqishini bartaraf etish, huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida sektorlar faoliyati hamda davlat va jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Joriy yilda viloyat mahallalarida 345 ta jamoatchilik nazorati maskanlari tashkil etilgan bo‘lsa, ularning aksariyatida ishlar xo‘jako‘rsinga yoki hisobot uchungina bajarilyapti, xolos. Yilning ikkinchi yarmida Samar­qand shahridagi mahallalarda videokuzatuv moslamalarini o‘rnatishga qisman harakat qilinganini hisobga olmaganda, bu borada boshqa tuman va shaharlarda haligacha amaliy ishlarga kirishilmagan. Viloyatda 100 mingdan ziyod notinch oila mavjud bo‘lgani holda joylardagi yarashtiruv komissiyalari ko‘ngildagidek ishlamayapti. Muqaddam sudlanganlarni ishga joylashtirish, xotin-qizlar bilan ishlash, yoshlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish holatlarining oldini olish kabi masalalarga doir vazifalar bajarilmayapti. Hududlardagi kriminogen vaziyat va jinoyatlar to‘liq tahlil qilinmayapti.

Yig‘ilishda bildirilgan fikrlar asosida huquqni muhofaza qilish idoralari va jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi.

Manba: zarnews.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!