Jaloliddin Ahmadaliyev va Hamdam Sobirovlarning qo‘shiqlarini ruxsatsiz namoyish etib kelgan kafe 60 million so‘m jarimaga tortildi
Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyati Andijon shahridagi umumiy ovqatlanish joyida jamiyat a’zolari hisoblangan Xamdam Sobirov va Jaloliddin Ahmadaliyev ijrosidagi qo‘shiqlardan hech qanday ruxsatsiz hamda tegishli lisenziya shartnomasini tuzmagan holda foydalanayotganligi yuzasidan viloyat adliya boshqarmasiga murojaat qilgani haqida xabar qilingandi.
Murojaatda jamiyat xonandalar bilan tuzilgan shartnomalarga asosan ijrochilarning mualliflik huquqi ob’ektlariga bo‘lgan mutlaq huquqini Respubliki hududida himoya qilishi qayd qilingandi.
Murojaatni ko‘rib chiqish davomida haqiqatan ham Andijon shahrida faoliyat yurituvchi «M.S.P.» MCHJ tomonidan Xamdam Sobirov ijrosidagi «20 mart», «Tentakcham» hamda Jaloliddin Ahmadaliyev ijrosidagi «Janonim», «Yor bizdan ketdi» nomli qo‘shiqlari hech qanday ruxsatsiz va tegishli shartnoma tuzmagan holda omma e’tiboriga yetkazilib kelinayotganligi aniqlangandi.
O‘rganish yuzasidan tadbirkorga yuqorida qayd etilgan qo‘shiqlarni foydalanadigan ijrolar ro‘yxatidan (pleylist) o‘chirishni so‘rab, taqdimnoma kiritilgandi. Shuningdek, jamiyat rahbariga mualliflik va turdosh huquq ob’ektlaridan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanish lozimligi tushuntirilgandi.
Shundan so‘ng, Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish jamiyati Fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudiga tadbirkordan xonandalar foydasiga tovon puli undirish hamda mualliflik huquqini tiklash haqida da’vo arizasi kiritgan. Sud da’vo arizani qanoatlantirib, javobgardan da’vogarlar Jaloliddin Ahmadaliyev hamda Hamdam Sobirovlarga mualliflik huquqini buzilishi natijasida kelib chiqqan har biriga 30 million so‘mdan zararni undirish belgilangan.
