Husanov – “o‘zbekcha Ronaldu”!
Nufuzli manba – The Athletic nashri O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Manchester Siti” himoyachisi Abduqodir Husanovga tavsif berib, uni portugaliyalik mashhur fubolchi Krishtianu Ronaldu bilan taqqosladi.
- Abduqodir Husanov — Krishtianu Ronalduning o‘zbekcha analogi. Toshkent shahrida The Athletic vakillari bilan muloqot qilgan har bir inson, u futbolni kuzatadimi yoki yo‘q, albatta Husanovni taniydi.
Abduqodirning surati katta reklama bannerlarida joylashgan, shaxsiy hayotidagi muhim voqealar esa milliy yangiliklarda yoritiladi.
Jahon chempionatida muvaffaqiyatli ishtirok bilan bog‘liq bo‘lgan barcha orzu-umidlar aynan “Manchester Siti”ning 22 yoshli markaziy himoyachisi yelkasida, - deb yozadi The Athletic nashri o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida.
Joriy mavsumda Husanov Xosep Gvardiola jamoasidagi asosiy o‘yinchilardan biriga aylandi. O‘zbek futbolchisi jamoa safida legioner sifatidagi ilk sovrinini qo‘lga kiritdi. U “Manchester Siti”ning Angliya ligasi kubogidagi g‘alabasida ishtirok etdi. “Arsenal”ga qarshi final uchrashuvida eng zo‘r o‘ynagan futbolchilardan bo‘ldi va jamoasining 2:0 hisobidagi yutug‘iga katta hissa qo‘shdi.
Abduqodir Husanov O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida hozirgacha 25 ta o‘yinda maydonga tushdi. Mart oyida Toshkentda o‘tkazilgan Xalqaro futbol federasiyasining yangi FIFA Series 2026 turnirida g‘olib chiqqan Husanov ushbu musobaqaning eng yaxshi o‘yinchisi sovrini bilan ham taqdirlandi.
Kelasi yozda O‘zbekiston milliy terma jamoasi AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan navbatdagi jahon chempionatida qainashadi. Mundialga ilk bor boradigan o‘zbek futbolchilari “K” guruhida Kolumbiya, Portugaliya va Kongo Demokratik Respublikasi terma jamoalari bilan kuch sinashadi.
Futbol ekspertlari guruh bosqichining ikkinchi turida O‘zbekiston va Portugaliya terma jamoalari o‘zaro to‘qnashuvida Abduqodir Husanov va Krishtianu Ronalduning o‘ziga xos “dueli”ni kutmoqda.
