Shaxmat bo‘yicha Nomzodlar turniri. Javohir Sindorovdan g‘alabali seriya davom etadi: Vey Yi taslim etildi
O‘zbekistonlik shaxmatchi Javohir Sindarov FIDE Nomzodlar turnirining 6-turida o‘zining musobaqadagi 5-g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Qora donalarda harakat qilganiga qaramasdan Javohir Xitoyning birinchi raqamli grossmeysteri, 2025 yilgi FIDE Jahon kubogi finalchisi Vey Ini mag‘lubiyatga uchratdi.
Tomonlar debyutda teng o‘yin namoyish etishdi. Xitoylik raqib 19-yurish uchun 46 daqiqa sarflab, o‘z vaqtini ancha kamaytirib qo‘ydi. Sindarov esa aniq yurishlarni topib, o‘z ustunligini asta-sekinlik bilan oshirib bordi. Vey-Yi 30-yurishda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygach, Javohirning ustunligi ancha oshib ketdi. O‘zbekistonlik shaxmatchining piyodasi Farzinga chiqishi aniq bo‘lgach, Vey Yi 36-yurishdan keyin o‘z mag‘lubiyatini tan oldi.

Ushbu g‘alabadan so‘ng Sindarov o‘z hisobidagi ochkolar sonini 5,5 taga yetkazib, turnir jadvalidagi yaqqol peshqadamligini yanada mustahkamladi. Shuningdek, mazkur natija evaziga Javohir onlayn reyting jadvalida 2770 ochkoga ega bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, Javohir Sindarov jahon shaxmat toji uchun kurashish imkonini beruvchi ushbu nufuzli turnirda qatnashayotgan ilk o‘zbekistonlik shaxmatchi hisoblanadi. U musobaqani rossiyalik Andrey Yesipenkoni mag‘lub etish bilan boshlagan edi. Keyingi turlarda germaniyalik Mattias Blubaum bilan durang o‘ynagan bo‘lsa, hindistonlik Rameshbabu Pragnanadha, Fabiano Karuana va Hikaru Nakamura ustidan g‘alaba qozonib, mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Sindarov 2025 yilgi Jahon Kubogi finalida aynan Vey Yi ustidan tay-breykda g‘alaba qozonib, musobaqa bosh sovrinini qo‘lga kiritgan edi.
Ma’lumot uchun, 2026 yilgi Nomzodlar turniri 29 martdan 15 aprelga qadar Kiprda o‘tkazilmoqda. Unda dunyoning eng kuchli sakkiz nafar grossmeysteri ishtirok etmoqda. Shaxmatchilar ikki davrada (14 tur) shaxmat toji uchun kechadigan bahsda amaldagi Jahon chempioni, hindistonlik Gukesh Dommarajuga qarshi bahs olib borish uchun kurashmoqda. Turnirning umumiy sovrin jamg‘armasi 700 ming AQSh dollarini tashkil etadi.
