“Qora libosli ayol tashrifi” taqdimoti o‘tkazildi
Toshkentda, Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat Markazida xalq yozuvchisi Maqsud Ibrohimbekovning “Qora libosli ayol tashrifi” asarining o‘zbek tilidagi nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur kitob Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi va Ozarbayjonning O‘zbekistondagi elchixonasi huzuridagi madaniyat markazi hamkorligida tayyorlangan.
Tadbirda ilm-fan va adabiyot vakillari, madaniyat namoyandalari, talabalar hamda Ozarbayjon diasporasi ishtirok etdi. Dastlab yozuvchining hayoti va ijodiga bag‘ishlangan videolavha namoyish qilindi.
Markaz direktori Akif Marifli ushbu nashr Ilhom Aliyev tashabbusi bilan yozuvchining 90 yillik yubileyi doirasida amalga oshirilganini ta’kidladi. U asar inson ruhiyati va hayot dramatizmini chuqur badiiy ifoda etuvchi muhim adabiy namuna ekanini qayd etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Jamila Shermuxammedova va Erkin Nuriddinov asarning badiiy qiymati va psixologik chuqurligini alohida ta’kidladilar. Shuningdek, tarjimon Shahlo Kosimova mazkur nashr ikki xalq o‘rtasidagi adabiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishini bildirdi.
Tadbirda yozuvchining turmush o‘rtog‘i Anna Ibrohimbekova ham ishtirok etib, muallif ijodi haqida fikr bildirdi.
Shuningdek, “Xaribulbul” teatr jamoasi tomonidan sahna ko‘rinishi namoyish etildi, “Qorabog‘ Zafari” raqs ansambli esa milliy raqslar bilan chiqish qildi.
Tadbir yakunida kitob imzolash marosimi tashkil etildi.
