Isroil urushda ishtirok etishdan bosh tortgan askarlarni qamoqqa tashlayapti
Falastinlik ona va ikki bolaning o‘ldirilishi ortidan G‘azoga qaytishdan bosh tortgan to‘rt nafar harbiy qamaldi.
Isroil armiyasi "Naxal" brigadasiga qarashli 931-batalyonning to‘rt nafar askarini qamoqqa oldi. Ular G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarda ishtirok etishdan bosh tortgan. Bu haqda Kan isroil telekanali xabar berdi.
To‘rt nafar askar G‘azodagi blokada qilingan hududda 13 dan 17 oygacha xizmat qilgan. Ular komandirlariga "ichkiy inqiroz" sababli urushni davom ettirolmasliklarini aytgan. Qamalgan askarlardan biri Kan telekanaliga shunday dedi:
«Biz frontda edik va uchta odam kelayotganini ko‘rdik. Amrga muvofiq, ularni otib tashladik. Keyin ma’lum bo‘ldiki, ular 12–13 yoshli bolalar va ularning onasi ekan. Biz bilmaganmiz. Biz faqat buyruqni bajardik».
Qamalgan askarlardan biri bu voqeadan keyin uch nafar xizmatdoshi posttravmatik stress buzilishiga uchraganini aytdi:
«Ular tushlarida bolalarni ko‘ra boshlashdi, uxlay olmaslikdan aziyat chekishdi. Biz bilan hech kim gaplashmadi, psixolog ham yo‘q edi. Hammasi odatdagidek davom etdi».
Qamoqqa olingan askarlardan uch nafari bir haftadan 12 kungacha ozodlikdan mahrum qilindi. To‘rtinchisining ishi hali ko‘rib chiqilmagan. Qamalganlardan biri o‘tgan yili G‘azo chegarasida yaralangan, ammo keyin ixtiyoriy ravishda safga qaytgan edi.
AFP agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil oktyabridan buyon Isroil armiyasi G‘azodagi harbiy harakatlarda 7 051 nafar askarini yo‘qotgan yoki yaralangan. Faqat oxirgi besh kun ichida 26 harbiy halok bo‘lgan. Shu davrda Isroil kuchlari tomonidan 59 800 dan ortiq palestinlik, jumladan 17 000 nafar bola o‘ldirilgan, 144 000 nafardan ortig‘i yaralangan — ularning aksariyati ayollar, bolalar va keksalardir.
