«Isroil G‘azoda genosid amalga oshirmoqda»
Isroilda joylashgan yetakchi inson huquqlarini himoya qiluvchi ikki tashkilot – B'Tselem va Physicians for Human Rights (Inson huquqlari uchun shifokorlar) “Isroil G‘azo sektorida falastinliklarga qarshi genosid amalga oshirmoqda”, deb bayonot berishdi.
«Bu tasavvur qilib bo‘lmasdek tuyuladi. Lekin bu haqiqat. Isroil G‘azo sektorida falastinliklarni yo‘q qilish maqsadida ataylab va muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirmoqda. Bu genosid tushunchasining aniq ta’rifidir», – deyiladi B'Tselem nashrida.
Ikkala tashkilot ham Isroil deyarli ikki yillik urush davomida faqat falastinlik ekanligi sababli G‘azo aholisiga qarshi maqsadli hujumlar qilganini ta’kidlashdi.
❕ Hisobotlarda ayollar, bolalar va keksa insonlarning o‘n minglab qirilishi, ommaviy majburiy ko‘chirishlar, ataylab ochlikka mahkum etish, uy-joylar va fuqarolik infratuzilmasini yo‘q qilish kabi jinoyatlar batafsil bayon etilgan.
Tashkilotlar G‘azodagi fojealar uchun Isroilning g‘arbdagi ittifoqchilari ham mas’ul ekanini ta’kidladi. «Bu G‘arb dunyosi qo‘llab-quvvatlashi bo‘lmasdan sodir bo‘la olmasdi», — dedi B'Tselem direktori Yuli Novak.
🗣 «Biz fuqarolarga qarshi qasddan amalga oshirilayotgan hujumlarni ko‘ryapmiz. Bu muayyan bir guruhni yo‘q qilish maqsadida amalga oshirilmoqda. Genosid faqat yuridik jinoyat emas — bu ijtimoiy va siyosiy holat hamdir», — dedi Yuli Novak.
Yuli Novakning so‘zlariga ko‘ra, falastinliklarni insoniylikdan mahrum etish va ularning huquqlarini inkor etish yillar davomida genosidni amalga oshirish uchun zamin yaratgan. 2023 yil 7 oktyabrdagi voqealar esa bu zulm va nazorat siyosasini yo‘q qilish va vayron qilish siyosatga aylantirgan burilish nuqtasi bo‘lgan.
B'Tselem ogohlantiradiki, G‘azodagi genosid kampaniyasi boshqa falastin hududlariga, xususan, G‘arbiy sohilga ham tarqalishi mumkin.
💬 «Isroil rejimi endilikda yangi qurolga – genosidga ega. Bu siyosat hozircha boshqa hududlarda qo‘llanilmayotgani, unday bo‘lmaydi, degani emas», — dedi Yuli Novak.
B'Tselem xalqaro jamoatchilikni G‘azoda genosidni to‘xtatishga chaqirdi.
«Huquqni himoya qiluvchi tashkilot sifatida biz haqiqatni aytmasdan tura olmaymiz: genosid aynan hozir va shu yerda sodir bo‘lmoqda. Bu — bizning genosidimiz, va biz uni to‘xtatishimiz kerak», – deyiladi B'Tselem bayonotida.
