Pokistonda zilzila paytida 200 dan ortiq mahkum qamoqxonadan qochib ketdi

Reuters agentligining xabar berishicha, Pokistonning Karachi shahrida joylashgan Malir qamoqxonasidan kamida 216 mahkum zilzila sababli evakuasiya paytida qochib ketgan.
«Bu vaqtda 600 dan ortiq kishi kameralardan tashqarida edi. Xaos tufayli ulardan 216 nafari bosh darvoza orqali qochishga muvaffaq bo‘ldi», — dedi qamoqxona boshlig‘i Arshad Shoh.
Unga ko‘ra, hozirgacha 80 ga yaqin mahkum qayta qo‘lga olindi, qolganlarini qidirish ishlari davom etmoqda.
Sind viloyati ichki ishlar vaziri Ziya ul-Hasan Lanjarning aytishicha, bu so‘nggi yillarda mamlakat qamoqxonalarida sodir bo‘lgan eng yirik qochish holatidir. Vazir barcha qochqinlar shaxsini aniqlashganini, ularning qarindoshlari yashaydigan hududlarda reydlar olib borilayotganini ma’lum qildi.
Geo News ma’lumotiga ko‘ra, hodisa paytida chegara xizmatidagi uch nafar xodim va bir nafar qamoqxona xodimi yaralangan, bir mahkum esa halok bo‘lgan.
Qamoqxona ma’muriyati hodisa sodir bo‘lgan paytda muassasada jami 6022 nafar mahkum saqlanayotganini bildirdi.