“Iqtisodiy rivojlanish va raqobatbardoshlikni oshirishda kichik va o‘rta biznesni keng qo‘llab-quvvatlash“ mavzusidagi xalqaro konferensiya boshlandi

Joriy yilning 27 may kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Miraki turistik markazida “Iqtisodiy rivojlanish va raqobatbardoshlikni oshirishda kichik va o‘rta biznesni keng qo‘llab-quvvatlash” mavzusida xalqaro konferensiyasi o‘z ishini boshladi. Konferensiya Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Jahon banki, BMT Taraqqiyot dasturi kabi xalqaro hamkorlar bilan birgalikda tashkil etilmoqda.Konferensiya ishida 40 dan ortiq xalqaro moliya tashkilotlari ekspertlari, vazirlik, idoralar va xokimliklarning mas’ul rahbar xodimlari, mamlakatimizning barcha hududlaridan tashrif buyurgan 100 ga yaqin faol tadbirkorlar ishtirok etishmoqda.
Konferensiya O‘zbekistonning 2025–2030 yillarda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish strategiyasining navbatdagi bosqichidagi amaliy hamkorlik ishlarini yo‘lga qo‘yishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Konferensiya tadbirkorlikni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy o‘sish, ish o‘rinlari yaratish va mahalliy tadbirkorlarga istiqboldagi hamkorlik uchun qulay imkoniyatlar maydoni hisoblanadi.
Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, Qashqadaryo viloyati hokimi Murodjon Azimov hamda Biznes-ombudsman o‘rinbosari Jamshid Urunov bilan bir qatorda Osiyo Taraqqiyot Bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Kanokpan Lao Araya, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii, Xalqaro moliya korporasiyasining O‘zbekistondagi boshqaruvchisi Nil Makkeyn kabi nufuzli xalqaro moliya tashkilotlari rahbarlari so‘zga chiqishdi.
So‘zga chiqqanlar kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishning ustuvor vazifalarini muhokama qilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan joriy yilning 19 mart kuni kichik va o‘rta biznes vakillari bilan uchrashuvda qayd etilgan dolzarb masalalar haqida so‘z yuritdi.
Xususan, 2025 yilda kichik va o‘rta biznesningyalpi ichki mahsulotdagi ulushini 55 foizgacha,sanoatda 34 foizga, aholi bandliginita’minlashdagi hissasini 75 foizga yetkazish rejalashtirilganligi, sohani rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishda hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligi qayd etildi.
Shuningdek so‘zga chiqqanlar kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish strategiyasida belgilab berilgan yo‘nalishlarni amalga oshirilishida biznes ekotizimini mustahkamlash, moliyaviy imkoniyatlarni yanada kengaytirish, soliq yengilliklari, raqamli xizmatlar va yangi ish o‘rinlari yaratish kabi muhim masalalar hal etilishi dolzarb ekanini ta’kidladi.
Xalqaro tashkilotlar vakillari o‘z chiqishlarida O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida qabul qilinayotgan strategik yondashuvlarni olqishladi. Ular bu borada qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish, texnik ko‘mak berish va bilimlar almashinuvini davom ettirishga tayyorliklarini bildirdi.
Qayd etish lozimki, keyingi besh yilda kichik va o‘rta korxonalar soni ikki baravarga ko‘payib, ulardagi bandlar soni 10,5 millionga yetdi, bu jami mehnatga layoqatli aholining 74 foizini tashkil etmoqda. Iqtisodiyotning yarmidan ko‘pi, sanoat va eksportning uchdan bir qismi shu tarmoqqa to‘g‘ri kelmoqda.
Tadbir ishtirokchilari uchun strategiyaning raqamli versiyasi QR-kodlar orqali taqdim etildi. Shuningdek, kichik biznes vakillarining muvaffaqiyatli loyihalari haqida videorolik namoyish qilindi.