Iqlim inqiroziga dunyoning eng boy odamlari aybdor?!

Iqlim inqiroziga dunyoning eng boy odamlari aybdor?!

Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqot dunyoning eng boy odamlari va iqlim inqirozi o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatib berdi. Bu haqda Xalqaro fanlar kengashiga tayanib Tengrinews xabar berdi.

Barqaror rivojlanish va keng ko‘lamli xatti-harakatlar bo‘yicha Kembrij komissiyasining hisobotida ta’kidlanishicha, insoniyat iqlim o‘zgarishiga qarshi kurasha olishi uchun dunyo boylari o‘zlarining hayot tarzini tubdan o‘zgartirishi kerak.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoning eng boy odamlarining bir foizi kambag‘allarning 50 foizidan ikki barobar ko‘p chiqindi tashlaydi. Shuningdek, eng badavlat kishilarning besh foizi 1990—2015 yillar oralig‘idagi chiqindi gazlarning 37 foiziga sababchi bo‘lgan.

Ko‘p miqdorda yoqilg‘i talab qiluvchi yo‘ltanlamas avtomobillar va samolyotlarning uzluksiz parvozi asosiy muammoga aylandi.

Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, chiqindilar miqdori ko‘payib borayotgani sababli insoniyat nafaqat iqlim o‘zgarishini jilovlash bo‘yicha global choralarni, balki boy mamlakatlar va odamlar ortiqcha iste’molni cheklash bo‘yicha qat’iy cheklov choralarini ham ko‘rishi kerak.

«Ular eng ko‘p parvoz qiladigan, eng katta mashinalarni boshqaradigan va issiqlik talab qiladigan eng katta uylarda yashaydigan odamlardir. Biz ortiqcha iste’molni kamaytirishimiz va bu ishni tabiatga zarar keltiruvchi chiqindilarni eng ko‘p chiqaruvchi elita toifadan boshlashimiz kerak», — dedi tadqiqotning yetakchi mutaxassisi, Sasseks universiteti professori Piter Nyuell.

Ta’kidlanishicha, Britaniya iqlim assambleyasi uglerod ishlab chiqarishga sabab bo‘luvchi xatti-harakatlarga qarshi kurashish uchun bir qator chora-tadbirlarni taklif qildi. Ular orasida go‘sht va sut mahsulotlaridan voz kechish, havoni zararlovchi yo‘ltanlamas avtomobillarini taqiqlash va aviayo‘lovchilarga soliq solish kabi choralar bor.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!