Ingliz tili darslarini qanday qiziqarli o‘tish mumkin?
Ingliz tilini o‘rganish bugungi taraqqiyotning asosiy shartlaridan biridir. Binobarin, yosh avlod o‘rtasida ushbu fanga bo‘lgan qiziqishni nafaqat oshirish, balki ularning bu yo‘ldagi izlanishlarini rag‘batlantirish ota-onalar qatori pedagoglar zimmasiga ham mas’uliyat yuklaydi.
Shunday ekan, ustoz-muallimlar interfaol, innovasion va qiziqarli usullardan foydalanib, darslarni mazmunli o‘tishida harakat qilishi zarur. Bilamizki, ta’lim jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini olib kirish, ulardan maqsadli va to‘g‘ri foydalanish, shu orqali o‘quvchida chet tillarga bo‘lgan qiziqishni oshirish, o‘qitish samaradorligini yaxshilash eng muhim masaladir. Bugungi kunda ta’lim sohasida turli xil usullar mavjud. Ulardan dars davomida yangi mavzuni yoritishda keng va yanada qiziqishlarini oshirish maqsadida foydalanish zarur.
Samarqand viloyati Tayloq tumanidagi 34-umumta’lim maktabning ingliz tili o‘qituvchisi Munisa Urmansevaning o‘quvchilari nafaqat Respublika bo‘yicha, balki chet davlatlarda ham tahsil olmoqda.
— Ma’lumki, so‘nggi yillarda yurtimizda xalq ta’limi tizimida chet tillarini o‘qitishda yangi davr boshlandi, talablar, metodika o‘zgardi. Bunda ilg‘or pedagogik texnologiyalar, interfaol, innovasion usullardan foydalanish talab etilmoqda. Maktablarda ingliz tili fani 1-sinflardan boshlab o‘tilayotgani buning tasdig‘idir. Bilimga chanqoq bolajonlarning til o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, ularni ingliz tilining boy olamiga olib kirish o‘qituvchilardan katta mehnat talab etadi. Albatta, bu borada darslarni turli interfaol o‘yinlar asosida tashkil etish ularda ishtiyoqini yanada oshiradi. Har yili o‘nlab o‘quvchilarim talabalik baxtiga erishayotganidan xursandman. O‘quvchilarim bugungi kunda maktabda o‘tilgan ingliz tili darslari bilan AQSH, Koreya, Angliyadagi eng nufuzli oliy o‘quv yurtlarida o‘qishmoqda. Ularning har bir yutug‘idan ustoz sifatida xursand bo‘lib borayapman. Yana o‘nlab o‘quvchilarim Samarqand davlat chet tillari universitetida va poytaxtdagi Vestminster oliy o‘quv yurtlarida talabalik baxtini surmoqda. Bu hali hammasi emas, 20 dan ortiq o‘quvchilarim IELTS sertifikatini qo‘lga kiritishdi. O‘quvchilarga ingliz tili grammatikasi, fonetikasini o‘rgatish asnosida shu tilda so‘zlashuvchi millatlar madaniyatini ham o‘rgatib boraman. O‘quvchilarning qizi¬qishi kuchaygan zahoti mavzuni o‘zimizning tarixga qarataman. Ushbu maktabda xorijiy tillarni mukammal o‘rgatishga alohida e’tibor qaratilayotgani kishini quvontiradi. O‘quv dasturlari doirasidagi darslardan tashqari, maktab qoshida qo‘shimcha to‘garak mashg‘ulotlari ham tashkil qilingan. Natijada o‘quvchi yoshlar orasida til bilishga qiziqish o‘sib bormoqda. Bu ham zamon talablariga javob beradigan bitiruvchilarni tayyorlash imkonini beradi.
