"Human.uz" jurnalisti Ichki ishlar vaziriga murojaat yo‘lladi: "Sirdaryoda shahar bedarvozami?"

"Human.uz" jurnalisti Ichki ishlar vaziriga murojaat yo‘lladi: "Sirdaryoda shahar bedarvozami?"

Xabaringiz bor, "Human.uz" jurnalisti Mavjuda Mirzayeva hamda operatorlar Sirdaryoda Ichki ishlar xodimlarining tazyiqiga uchragandi. Keyinchalik esa vaziyat yuzasidan bayonot ham berilgandi. Lekin bu bayonotda bir qator tushunarsiz holatlar mavjud. "Human.uz" jurnalisti ayni shu holat yuzasidan Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonovga murojaat yo‘lladi.

"Ichki ishlar vaziri Bobojonovga!

Sirdaryoda shahar bedarvozami?

Assalomu alaykum Janob Vazir. Sizga murojaat qilishimning asosiy sababi — Sirdaryo viloyatidagi xodimlaringizning xatti-harakati yuzasidan berilgan bayonot. Bu bayonotni yozgan xodim zudlik bilan boshqa yengilroq vazifaga o‘tkazilishi lozim.

Sirdaryo viloyat IIBning bayonot berishicha, Olimpiya zaxiralari kollejiga biz osmondan tushib qolibmiz?! Bu juda kulgili va savodsizlarcha yozilgan, ularning aytishicha, ichki ishlar, jamoatchi posbonlar va yana bir nechta qorovullar qo‘riqlayotgan kollej binosiga karantin qonunlarini buzgan holda kirib, odamlardan intervyu olgan emishmiz?!

Savol:
— Agar biz haqiqatan ham qonun-qoidani buzib, hattoki odamlardan intervyu olishgacha ulgurgan bo‘lsak, ular darvozaning tagida nima qilib o‘tiribdi? Javob bervoring, bemalol uyiga borib o‘tirsin!

Ikkinchidan:
— Kollej binosiga kirishda sanepidemstansiya xodimlari nimaga bizni payqamasdan o‘tkazvordi?

Uchinchidan shaxsini aniqlash uchun faqat tasvirchi olib boriladimi? Mening shaxsim nimaga aniqlanmadi? Shunday ekan, nega bizga chora ko‘rishmadi? Axir karantinni buzish degan ayblov jiddiy masala!

Bu yozuvlar aybini tan olish emasmi?

Bunday bayonot bergan yolg‘onchi, savodsiz va o‘z vazifasiga noloyiq odamning foydasidan zarari ko‘proq emasmi? Mening tasavvurimda ichki ishlarda mard va xalqparvar yigitlar ishlaydi.

Sanepidemstansiya boshida kaltak sinmasin! Men ham, operatorim ham haroratimizni o‘lchatib, qo‘limizni dezinfeksiya qilib kirdik. Ular vazifasini vijdonan bajardi.

Hurmat bilan Mavjuda Mirzayeva", deya murojaatini yakunlaydi jurnalist.

Ishonamizki, mazkur holat yuzasidan haqqoniy, adolatli yechim topiladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!