Hokimlar Bo‘stonliq tumanidagi turistik majmualar bilan tanishtirildi

Tuman va shahar sektorlari rahbarlari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi turistik loyihalar bilan yaqindan tanishishdi. Ularga Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev hamkorlik qilishdi.
Ta’kidlash joizki, 10 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida ijro hokimiyati organlari rahbar kadrlari, tuman (shahar) sektorlari rahbarlari uchun o‘quv-amaliy seminar boshlangan bo‘lib, tadbir davlat rahbarining 2024 yil 18-20 noyabr kunlari Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasida so‘zlagan nutqlarida, shuningdek, 2025 yil «Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili» deb e’lon qilinishi munosabati bilan rahbarlar oldida turgan vazifalarni chuqur o‘rganishga yo‘naltirilgan.
Bo‘stonliqda turizmni rivojlantirishga doir o‘tgan amaliy seminar mashg‘ulotida A.Abduhakimov va U.Shadiyev ekoturizmni rivojlantirish hamda zamonaviy dam olish maskanlarini tashkil etishga oid ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashib, seminar ishtirokchilariga tuman turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi turistik mahsulotlarini ishga tushirish va zamonaviy dam olish maskanlarini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishtirishdi.
Hokimlar tumandagi «Ugam River», «Chorvoq darvozasi» turistik majmualari, «Chinorkent» dor yo‘li hamda «Kapsula» uylarda bo‘lib, o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.