Hasad egasining qalbini ko‘r qiladi

Bugungi kunda jamiyatimizdagi yomon xulqlardan biri hasad. Insonlar orasini buzilishiga sabab bo‘ladigan yomon bir illatlardandir. Hasad toat ibodatlarga berilgan savoblarni ketkazadi. Hasad hasadchini gunohlarga moyil qilib qo‘yadi. Natijada g‘iybat, yolg‘on kabi yomon ishlarga beriladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadis shariflarida:“Uch narsadan mening ummatim hanuz qutula olmaydilar: hasad, badgumonlik, irimdir. Shu narsalardan qutulish yo‘li shuki, hasad qilsangiz zulmga o‘tmasligi. Gumon-u shubha qilsangiz, uni haqiqat hisob qilib unga asosan ish tutmaslik. Biror irim qilinadigan narsaga duch kelsangiz, Allohga tavakkul qilib, yo‘lingizda va ishingizda davom etavering!”. (Abu Ya’lo rivoyati).
Hasad hasadchini jahannamga olib boradi. Rasululloh do‘zaxga to‘g‘ri ravona bo‘ladigan olti toifa ichida hasadchini ham sanab o‘tganlar;
Hasad hasadchini zararkunanda qilib qo‘yadi. Shu tufayli Alloh taolo Qur’oni karimda hasadchining yomonligidan panoh so‘rashga buyurilgan;
Hasad hasadchini g‘amga, diqqinafaslikka duchor qiladi. Boshqalarning yutug‘ini ko‘ra olmay yuragi siqiladi, behuda g‘am tashvishga botadi;
Hasad hasadchining qalbini ko‘r qiladi;
Hasad hasadchini oxir-oqibat xor qiladi. Dushmanini yenga olmay o‘zi sharmanda bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilar. Insonning qalbi ham Allohning uyi hisoblanadi. Ko‘z, quloq, burun, og‘iz va miya uning darvozalari hisoblanadi. Qalb Alloh taoloning nazargohidir. Qalbni pokiza saqlamoq lozim. Hadisi sharifda:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِنَّ اللهَ لَا يَنْظُرُ إِلَى صُوَرِكُمْ وَأَمْوَالِكُمْ وَلَكِنْ يَنْظُرُ إِلَى قُلُوبِكُمْ وَأَعْمَالِكُمْ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ وَابْنُ مَاجَهْ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh suratlaringizga va mol-u dunyolaringizga nazar qilmaydi. Lekin qalblaringizga va amallaringizga nazar qiladi”, dedilar. Muslim va Ibn Moja rivoyat rivoyat qilganlar.
Qalbimizni toza tutishimiz najotimizning asosidir. Zamonamizning mashoyixlaridan Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy xafizahulloh: “Hozirgi kunda bizning qalblarimiz axlat qutisiga aylanib qoldi. Unga biz hamma narsani tashlayveramiz, uni ichida nomahramlarning surati, kibr, adovat, hasad, mo‘minlarga bo‘lgan nafrat, Alloh harom qilgan narsalarga muhabbat bor”, deganlar.
Shayx Sa’diy aytadilar: “Men kechalari doim zikrda,ibodatda bo‘lar edim. Kechalari ibodat qilmay uxlab yotgan odamlarni ko‘rib, otamga ey otajon, bular uxlab yotavermay ibodatda mashg‘ul bo‘lsalar yaxshi bo‘lar edi, dedim. Shunda otam, ey “otasining joni“ bolam siz ham bularni g‘iybat qilgandan uxlaganingiz yaxshi edi”, dedilar.
Azizlar, Alloh taoloning O‘zi bandasini bandasiga hasad qilishdan qaytaradi. Allohning rahmatidan mahrum qiladigan va duolarimiz ijobat bo‘lmasligiga sabab bo‘luvchi yomon illatlardan saqlanmog‘imiz darkor. O‘ziga hasadgo‘y degan yomon nomni ortirmoqlikdan saqlanmoq lozim.
Azizjon Jamolov
Manba: Islaminstitut.uz