Fermerlarga elektr energiyasi uchun subsidiya olishga yordam berildi

Fermerlarga elektr energiyasi uchun subsidiya olishga yordam berildi

Mamlakatimizda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga ustuvor vazifa sifatida qaraladi.

Xususan, tadbirkorlarning infratuzilma va boshqa sohadagi muammolarini o‘z vaqtida hal etish faoliyat samaradorligining yanada ortishiga xizmat qiladi. Ayrim mansabdor shaxslar tomonidan esa tadbirkorlarning murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqmaslik va noqonuniy tekshirishlar ularning ayrim muammolari hal etilmasligiga sabab bo‘lmoqda.

Shunga ko‘ra, Biznes-ombudsmanga «Farovon» MCHJ (nomi o‘zgartirilgan) murojaat qilib, 2023 yilda paxta hosilini sug‘orish ishlarida foydalanilgan elektr-energiyasi uchun subsidiya mablag‘larini ajratishda amaliy yordam so‘radi.

Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 maydagi qarori bilan subsidiyalarni ajratish tartibi tasdiqlangan. Aniqlanishicha, tashkiliy-huquqiy ishlar yakuniga yetmagani sababli, 2023 yilda viloyatdagi tadbirkorlar ushbu subsidiyadan foydalana olmagan.

Prezidentimizning 2024 yil 5 yanvardagi «Quyi bo‘g‘inda suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan qonunchilik hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq 2023 yilda paxta xom ashyosi va g‘alla yetishtirishda nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari iste’mol qilgan elektr energiyasi qiymatining 50 foizini qoplab berish uchun subsidiyalar vakolatli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan taqdim qilingan ekin maydonlarini sug‘orishga sarflangan suv miqdori uchun iste’mol qilingan elektr energiyasi qiymati bo‘yicha hisob-kitoblariga asosan, istisno tariqasida, Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan joriy yilda ajratib beriladi.

Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan 2024 yil 8 fevralda mutasaddi davlat organlari va tashkilotlarga tegishli ma’lumotlarni bir hafta muddatda taqdim qilish to‘g‘risida tegishli xat yuborilgan. Shunga qaramasdan, ma’lumotlar vazirlikka taqdim qilinmagan.

Biznes-ombudsman qonuniy talablari asosida zarur ma’lumotlar Qishloq xo‘jaligi vazirligiga taqdim qilinishi ta’minlandi. Ushbu ma’lumotlar asosida kelgusida viloyatdagi 2000 dan ortiq tadbirkorlarga 28 milliard so‘mga yaqin subsidiya mablag‘lari to‘lab beriladi.

Shuningdek, topshiriq ijrosiga mas’uliyatsiz yondashganligi sababli, viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi mansabdor shaxsi O.B.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 197-3-moddasiga asosan jarima jazosi qo‘llanilishi ta’minlandi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!