"Faridaning ikki ming qo‘shig‘i” filmining premyera sanasi aniq bo‘ldi
15-18 dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladigan "O‘zbekistonning madaniy merosi – yangi Renessans poydevori” an’anaviy madaniy meros haftaligi doirasida "Faridaning ikki ming qo‘shig‘i” filmi premyerasi bo‘lib o‘tadi.
“O‘zbekkino” Milliy agentligi Axborot xizmati xabar berishicha, haftalikning ilk kuni Yoshlar ijod saroyida Xalqaro kongress tashkil etiladi. 17 dekabr kuni, ya’ni Kongressning 3 kuni O‘zbekiston milliy kinematografiyasiga bag‘ishlanadi. Aynan shu kuni “O‘zbekkino” MA buyurtmasiga binoan suratga olingan rejissyor Yolqin To‘ychiyevning “Faridaning ikki ming qo‘shig‘i” badiiy filmi namoyish etiladi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur film O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi tomonidan Oskar-2020 mukofotiga nomzod etib ko‘rsatilgan.
Film shuningdek, “Moskva premyerasi” xalqaro festivalida Gran-pri mukofotini qo‘lga kiritdi. "Oltin globus" sovrinining "Eng yaxshi xorijiy film" nominasiyasiga da’vogarlar ro‘yxatidan joy oldi.
Filmda o‘tgan asrning boshlarida Turkistonda yuz bergan siyosiy voqealarning shu yurt aholisiga ko‘rsatgan ta’siri bir oila misolida ochib beriladi.
Ssenariy muallifi va rejissyor Yolqin To‘ychiyev, postanovkachi operator Bahodir Yo‘ldoshev, postanovkachi rassom Bektosh Rajabov, film direktori Shavkat Rizayev.
Rollarda Bahrom Matchonov, Yulduz Rajabova, Elmira Rahimjonova, Marjona O‘ljayeva, Sanobar Haqnazarova, Nodira Xojiquliyeva va boshqalar.
Haftalik Toshkent shahridagi Yoshlar ijod saroyida o‘tkaziladi.
