Farg‘onada yuzga yaqin aliment to‘lovchilar ma’muriy qamoqqa olindi

Farg‘onada yuzga yaqin aliment to‘lovchilar  ma’muriy qamoqqa olindi

Majburiy ijro byurosi Farg‘ona viloyati boshqarmasi tomonidan voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minoti uchun pul to‘lamayotgan yuzlab fuqarolarga nisbatan ma’muriy qamoqqa olish masalasini ko‘rib chiqish uchun to‘plangan hujjatlar sudlarga taqdim qilindi. Bu haqda ishonchli manbamiz xabar berdi.

Misol uchun, Buvayda tumanida yashovchi A.A. o‘z farzandi uchun 3 yildan ortiq muddat davomida 12 mln. so‘m aliment pullarini to‘lamagan, davlat ijrochisining bir necha marotaba ogohlantirishlariga qaramasdan to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan. Sudning 2019 yil 15 yanvardagi qarori bilan A.A.ga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Shu kabi, Buvayda tumanida yashovchi fuqaro E.R. 4 mln. so‘m, Furqat tumanida yashovchi A.YU. 3,9 mln. so‘m, D.D. 5,1 mln. so‘m, Toshloq tumanida yashovchi N.U. 3,7 mln. so‘m aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lanmaganliklari uchun ma’muriy qamoqqa olindilar.

O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 474‑moddasiga ko‘ra, moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan voyaga yetmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlash, ya’ni ularni moddiy jihatdan ta’minlash uchun sudning hal qiluv qarori yoki sud buyrug‘iga binoan undirilishi lozim bo‘lgan mablag‘ni jami bo‘lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga yoki eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Yuqoridagi fuqarolar endi qamoqda voyaga yetmagan farzandlarining moddiy ta’minoti uchun aliment pullarini to‘lashni 15 kun muddatda yaxshilab o‘ylab ko‘radi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!