Farg‘onada qizining «sevgilisi»dan pul talab qilgan ota qamaldi

U 20 yoshli qizining begona erkak bilan ishqiy munosabatda bo‘lganidan xabar topib, yigitni qo‘rqitib, tovlamachilik qilgan.
Ma’lum qilinishicha, Farg‘ona viloyatida yashovchi 2004 yilda tug‘ilgan qiz Namangan viloyatidan Qo‘qon shahriga ishlash uchun kelgan erkak bilan yashirin ravishda ijaraga uy olib, birga yashay boshlagan. Oradan vaqt o‘tib, ularning ishqiy munosabatidan qizning otasi xabar topgan. So‘ngra qizi bilan o‘sha erkakdan pul undirish rejasini tuzgan.
Yigitga qo‘ng‘iroq qilib, uni sharmanda qiluvchi ma’lumotlarni sir saqlash evaziga, 500 AQSh dollarini talab qilgan.
Shundan so‘ng, yigit Qo‘qon IIBga murojaat qilgan. Murojaat yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Tadbir davomida ayblanuvchi erkak va qizi jabrlanuvchidan 3 mln 600 ming so‘m pullarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar JIB Qo‘qon shahar sudida ko‘rib chiqilgan. Bu haqda "Millar" dasturi xabar berdi.
Sudlanuvchilar bir oila bo‘lib, otasi, onasi va qizi jabrlanuvchini qo‘rqitib, tovlamachilik yo‘li bilan undan pul talab qilganligi ma’lum bo‘lgan.
Onasi va qizi ayol kishi bo‘lganligi, muqaddam sudlanmaganligi inobatga olinib, ularga ozodlikni cheklash jazosi, otasiga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.