Farg‘onada 21 yil oldin to‘qqiz yoshli bolani o‘ldirgan shaxsga hukm o‘qildi

Farg‘onada 21 yil oldin to‘qqiz yoshli bolani o‘ldirgan shaxsga hukm o‘qildi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudida 2002 yilda sodir etilgan jinoyatning yana bir nafar ishtirokchisiga nisbatan kiritilgan ish qayta ko‘rib chiqildi. Bu haqda “Zamon” informasion dasturida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, bundan 21 yil oldin qotillikka qo‘l urgan Dehqonov ismli shaxs qo‘shni davlatlardan biriga qochib ketgan. U o‘sha payda tanishi Abdujalilov bilan 9 yoshli bolani o‘ldirgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Abdujalilov avtomobil ehtiyot qismlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi xolasining erini qo‘lida ishlab kelgan. 2001 yil oxiriga kelib u ish beruvchi bilan savdo ishlarida chiqisha olmay qolgan. Ya’ni pochcha savdoda kamomad bo‘lavergani sabab Abdujalilovni savdodan chetlashtirgan.

U xolasining eridan qasos olish uchun tadbirkorning o‘g‘lini olib qochib, 15 ming dollar talab qilishni rejalashtirgan. Bu borada u Dehqonovga murojaat qilgan. O‘z navbatida Dehqonov bola qaytarib berilganidan keyin baribir u orqali qo‘lga tushishlarini, buning o‘rniga bolani o‘ldirib, uning otasiga ruhiy azob berish taklifini bildirgan.

2002 yil mart oyida Abdujalilov jiyanini aldab, tanishining uyiga olib kelgan va bu haqda jinoiy sherigiga xabar bergan. Ular bolani mahalla chetidagi qurilishi tugallanmagan uyning yerto‘lasiga olib tushgan va bolani sim bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan.

Shundan so‘ng, jinoyatchilar bola jasadini qopga solib, uning ichini toshlar bilan to‘ldirib, suv havzasiga tashlab yuborgan.

Ertasiga Dehqonov yashash xonadonidan chiqib ketgan. U Toshkentga, poytaxtdan esa Jizzax orqali Qozog‘istonga borgan. Qozog‘iston huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan shaxs 2022 yilda O‘zbekiston IIVga topshirilgan.

Fuqaro Abdujalilov 2002 yil 14 iyundagi Farg‘ona viloyat sudining hukmi bilan jazoga tortilgan. U belgilangan jazoni o‘tab chiqib, bu safargi sudda guvoh sifatida ishtirok etgan.

Sud hukmi bilan Dehqonov Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) bilan aybdor deb topilib, 17 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!