Evrokomissiya rahbari Ukrainaga 3,5 milliard yevro miqdorida yordam ajratilishini ma’lum qildi

Ursula fon der Lyayen Kiyevga Rossiya bosqinining uch yilligi munosabati bilan keldi va Ukrainaga 3,5 milliard yevro miqdorida yordam ajratilishini ma’lum qildi.
Evrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen va Yevropa kengashi raisi Antonio Kosta Kiyevga Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinining uch yilligi munosabati bilan keldi. Tashrifning asosiy maqsadi Donald Trampning Amerika yordamini qisqartirish ehtimoli haqidagi bayonotlari hamda Ukraina va Rossiyani muzokaralarni boshlashga majbur qilishga urinishlari fonida YEIning doimiy qo‘llab-quvvatlashini tasdiqlashdan iborat.
Von der Lyayen mart oyida Ukraina Yevropa Ittifoqidan 3,5 milliard yevro miqdoridagi yangi moliyaviy yordam paketini olishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Kiyev ham Yevropa Ittifoqining qurol ishlab chiqarishni ko‘paytirish va mudofaa qobiliyatini mustahkamlash rejalaridan foyda ko‘radi.
Urushning yilligi munosabati bilan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy vatandoshlariga matonat uchun minnatdorchilik bildirdi.
“Uch yillik qarshilik. Uch yillik minnatdorchilik. Ukrainaliklarning uch yillik mutlaq qahramonligi. “Men Ukraina bilan faxrlanaman!”, deb yozdi u ijtimoiy tarmoqda.
Zelenskiy bilan uchrashish uchun Kiyevga Ispaniya, Litva, Latviya, Estoniya, Finlyandiya, Norvegiya, Islandiya, Daniya, Shvesiya va Kanada rahbarlari ham yetib keldi.