Eronlik diplomat AQSh bilan muzokaralar uchun shartlarni e’lon qildi
Eronning yuqori martabali diplomati Vashington bilan yadroviy muzokaralarni qayta boshlash uchun Tehron qo‘yayotgan shartlarini e’lon qildi.
Eron Tashqi ishlar vazirining huquqiy va xalqaro ishlar bo‘yicha muovini Kazim G‘oribobodiy Nyu-Yorkka qilgan 3 kunlik tashrifi chog‘ida o‘tkazgan uchrashuvlar haqida ijtimoiy tarmoqda ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, Eron-Amerika muzokaralariga kirishish uchun quyidagi asosiy prinsiplar muhim:
-
Eronning ishonchini qozonish,
-
Muzokaralarni yashirin harbiy rejalarni amalga oshirish vositasi sifatida ishlatmaslik,
-
Yadro tarqalmasligi to‘g‘risidagi shartnoma doirasida Eronning qonuniy huquqlarini, jumladan o‘z ehtiyojlariga ko‘ra uranni boyitish huquqini tan olish va hurmat qilish,
-
Barcha sanksiyalarni bekor qilish.
G‘oribobodiy ta’kidlashicha, Tehron Vashingtonga hech qanday ishonch bildirmaydi va har qanday harbiy tahdidga qarshi javob berishga to‘liq tayyor.
Eslatib o‘tamiz, Eron va AQSh oldingi muzokaralarda Oman vositachiligida 5 marta bilvosita muzokara o‘tkazgan edi. Biroq, Isroil 13 iyun kuni Eronga qarshi asoslanmagan hujumlar uyushtirib, jarayonni buzdi.
22 iyun kuni esa AQSh Eronning Natanz, Fordou va Isfahon yadroviy ob’ektlariga havo hujumlari uyushtirdi. Bu hujumlarga javoban, Eron Islam Inqilobi Saqchilari Korpusi "Haqiqat va’dasi III" amaliyoti doirasida 22 marta raketa zarbalari bilan Isroilga zarba berdi.
Shuningdek, Eron AQSh hujumlariga javob tariqasida Qatardagi al-Udayd harbiy bazasiga ham raketalar yo‘lladi.
24 iyun kuni kuchga kirgan otishmalarni to‘xtatish kelishuvi urushni vaqtincha to‘xtatdi.
