Eron Bahrayndagi AQSh harbiy bazasiga hujum qildi, qurbonlar bor
Eron Qurolli kuchlarining markaziy shtabi — “Xatam al-Anbiya” ma’lumotiga ko‘ra, 6 mart kuni Bahrayndagi AQSh harbiy bazasiga hujum uyushtirildi. Bu haqda Eron davlat radio va televideniyesi xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, hujum oqibatida ko‘plab odamlar halok bo‘lgan va yaralangan.
Avvalroq Eron Islom inqilobi posbonlari korpusi Fors ko‘rfazi va Hurmuz bo‘g‘ozida uchta AQSh va Britaniya tankeriga raketalar bilan hujum qilinganini ma’lum qilgan edi. Ularning bildirishicha, kemalarda yong‘inlar kelib chiqqan.
Shuningdek, Eron USS Abraham Lincoln avianosesiga to‘rtta ballistik raketa uchirilganini ham ma’lum qildi. AQSh harbiylari esa bu ma’lumotni rad etib, raketalar nishonga tegmagani va kemaga yaqinlashmaganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 28 fevral kuni Isroil AQSh bilan birgalikda Eron hududiga bir qator havo hujumlarini amalga oshirgan edi. Eron OAV ma’lumotiga ko‘ra, portlashlar yuqori lavozimli amaldorlar uylari yaqinida sodir bo‘lgan, tinch aholi orasida ham qurbonlar bo‘lgan. Birinchi kunning o‘zida halok bo‘lganlar soni 200 nafardan oshgan.
Shundan so‘ng Eron Qatar, Quvayt, BAA, Bahrayn va Iordaniyadagi AQSh bazalariga, shuningdek Isroilning Tel-Aviv va Hayfa shaharlariga hujum qilgan. Hujumlarda raketalar va dronlar, jumladan gipertovushli “Fattoh” raketasi qo‘llangani aytilmoqda.
The Wall Street Journal nashriga ko‘ra, bu hujumlar ko‘lami va bir vaqtda amalga oshirilgan zarbalar soni jihatidan misli ko‘rilmagan darajada bo‘lgan.
