Eldor Shomurodov Yevropa ligasi doirasidagi uchrashuvda gol urdi
Futbol bo‘yicha Yevropa ligasi umumiy guruh bosqich o‘yinlarining so‘nggi turi o‘tkazildi.
Ushbu bosqichda Rim shahri klubi “Roma” o‘z maydonida “Ayntraxt“ni qabul qildi. “Olimpiya” stadionida o‘tkazilgan uchrashuvda mezbonlar 2:0 hisobida zafar quchdi. Biz uchun mazkur uchrashuvning ahamiyatli jihati shundaki, “Roma” tarkibida o‘ynayotgan milliy terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodov 67-daqiqada zaxiradan maydonga tushib, oradan 2 daqiqa o‘tgandan so‘ng raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
Eldor Shomurodovning ushbu o‘yindagi harakatlari 7.1 ballga baholandi. Uchrashuvdan so‘ng, «Roma» bosh murabbiyi Klaudio Ranyeri Eldor Shomurodov haqida quyidagi fikrlarni bildirdi:
"Eldorning qolishini xohlayman. Chunki, uni futbolchilar, muxlislar, barcha yaxshi ko‘radi. Doim maydonda borini beradi. Men uni ko‘p urushib turaman, lekin ketsa ranjigan bo‘lardim”.
Evropa ligasining so‘ngi turida quyidagi natijalar qayd etildi:
“Ayaks” — “Galatasaroy” 2:1, “Styaua” — “MYU” 0:2, “Braga” — “Lasio” 1:0, “Tottenhem” — “Elfsborg” 3:0, “Atletik” — “Viktoriya Plzen” 3:1, “Lion” — “Ludogores” 1:1, “Real Sosyedad” — “PAOK” 2:0, “Makkabi” — “Portu” 0:1, “Tvente” — “Beshiktosh” 1:0, “Midtyulland” — “Fenerbahche” 2:2, “Anderlext” — “Hoffenhaym” 3:4, “Olimpiakos” — “Qorabog‘” 3:0, “Nissa” — “Bude-Glimt” 1:1, “Dinamo K” — “RFSH” 1:0, “Reynjers” — “Yunion Sent-Jillua” 2:1, “Slaviya” — “Malmyo” 2:2, “Ferensvarosh” — “AZ Alkmar” 4:3.
Shu tariqa, musobaqada “Lasio”, “Atletik”, “MYU”, “Tottenhem”, “Ayntraxt”, “Lion”, “Olimpiakos” va “Reynjers” jamoalari 1/8 finalga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l oldi.
Shuningdek, “Bude-Glimt”, “Anderlext”, “Styaua”, “Ayaks”, “Real Sosyedad”, “Galatasaroy”, “Roma”, “Viktoriya Plzen”, “Ferensvarosh”, “Portu”, “AZ Alkmar” , “Midtyulland”, “Yunion Sent-Jillua”, “PAOK”, “Tvente” va “Fenerbahche” klublari 1/8 final bosqichiga o‘tish bahslarida ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 24-o‘rindan pastdagi jamoalar uchun turnir yakunlandi.
Bugun, 31 yanvar kuni mazkur musobaqaning 1/8 finaliga o‘tish bahslari uchun qur’a tashlanadi. Ushbu pley-off bosqichi 13-20 fevral kunlari o‘tkaziladi.




