Chiroqchida jamoatchilik nazorati bilan YPX xodimiga bayonnoma rasmiylashtirildi (+video)

Chiroqchida jamoatchilik nazorati bilan YPX xodimiga bayonnoma rasmiylashtirildi (+video)

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatida YPX xodimi kamera ko‘targan odamlar qurshovida qolib ketgani tasvirlangan videolar tarqaldi. Xabarlarda xodim mast holatda bo‘lgani, odamlar uni tegishli chora ko‘rishni talab qilayotgani aytilgan.

Qashqadaryo viloyati IIB xabariga ko‘ra, voqea 11 yanvar kuni Chiroqchi tumanidagi «Mikrokreditbank» binosi oldida yuz bergan.

Ma’lum qilinishicha, YPX katta inspektori katta serjant Nasibali Yarmatov 11 yanvar kuni soat 14:20larda Chiroqchi tumani «Mikrokreditbank» ro‘parasida o‘rnatilgan 3.27 yo‘l belgisiga amal qilmasdan to‘xtab turgan «Labo» rusumli avtomashina haydovchisi Shohrux Nurimov «Yo‘l harakati qoidalari»ning 7 va 92-bandlarida ko‘rsatilgan qoidabuzarlikni sodir etgani uchun unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, avtomashinani jarima maydonchasiga qo‘yish maqsadida olib ketgan.

U avtomashinani jarima maydonchasiga olib ketayotgan vaqtida o‘ziga tegishli bo‘lgan «Spark» rusumli avtomashinani majburiy to‘xtash chiroqlarini yoqib «Mikrokreditbank» ro‘parasida o‘rnatilgan 3.27 yo‘l belgisi ta’sir doirasida qoldirib ketgan. U jarima maydonchasidan qaytib kelgach, Shohrux Nurimov YPX inspektoridan o‘ziga-o‘zi ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirishni talab qilgan.

«Shundan so‘ng Chiroqchi tumani IIO FMB YHXB boshlig‘i kapitan F.Yangiboyev tomonidan katta serjant N.Yarmatovga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 24 dekabr kunidagi 370-sonli Qarori bilan tasdiqlangan «Yo‘l harakati qoidalari»ning 7-bandida ko‘rsatilgan qoidabuzarlikni sodir etganligi uchun UZ-19-seriyali 70-263256-raqamli ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan», deyiladi Qashqadaryo viloyati IIB matbuot xizmati xabarida.

Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruv o‘tkazilmoqda.   

 

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!