«Chet elda o‘zbekistonlik ishchilarga talab juda yuqori» – Tashqi ishlar vazirligi

«Chet elda o‘zbekistonlik ishchilarga talab juda yuqori» – Tashqi ishlar vazirligi

 

 

Tashqi ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i Shuhrat Mahmudovning Kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, xorijga ishlash maqsadida ketgan o‘zbeklarning ahvoli bir necha vazirliklar bilan hamkorlikda ularning oila a’zolaridan surishtirilmoqda.

«Bizning vazirlik vakillari Mehnat va Ichki ishlar vazirliklari xodimlari bilan birgalikda xorijga ishlash uchun ketgan vatandoshlarimiz oila a’zolari bilan uchrashib, ularning qayerda va qanday ish bilan bandligi, nima muammolari borligini o‘rganishmoqda. 

Afsuski, aksariyat mehnat muhojirlarimiz chet elga chiqqach, o‘sha davlat qonunlarini ko‘p buzishadi. Ayniqsa, pandemiya davrida ko‘plab vatandoshlarimiz xorijga noqonuniy yo‘l bilan chiqqan va ishlagan. Ularning ko‘pchiligida mablag‘i yoki pasport muddati tugagan, registrasiyasi ham o‘tib ketib O‘zbekistonga qaytishga imkoniyati bo‘lmagan. Ichki ishlar organlaridan qochib yurganlar ko‘p. Pasport yo‘qotsa, qayerga borishni bilmaydi. Elchixonaga kelishga qo‘rqadi.

Hozirgacha taxminan 1800 nafar chet elga ishlash uchun ketgan yurtdoshimiz shunday holatga tushgani aniqlandi va ularning ro‘yxati tuzildi hamda jo‘natildi.

Mehnat vazirligidan o‘tgan kuni ma’lumot oldik, yana 400 nafar odamda pasport muammosi bor ekan. Ularning pasportlari muddati tugagan. Telefon raqamlarini topdik. Ularga elchixonalar orqali chiqilib, har biriga pasport yoki O‘zbekistonga qaytish hujjatlari rasmiylashtiriladi.

Mablag‘i bo‘lmasa, moddiy yordam beramiz, ishsiz bo‘lsa ish bilan ham ta’minlayapmiz. Chunki hamma elchixonalarimiz yirik ish beruvchilar bilan doimiy aloqada. Chet elda o‘zbekistonlik ishchilarga talab juda katta.

Raqamlarga kelsak, vazirligimiz tomonidan 2020 yilda 560 ming nafar o‘zbekistonlikning vatanga qaytishiga yordam berildi. O‘tgan yili salkam 19 ming yurtdoshimizga 1 million 300 ming dollardan ortiq moddiy yordam ko‘rsatilgan. 100 ming nafardan ortiq kishiga konsullik yordamlari berilgan», - dedi vazirlik vakili.

 


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!