Buyuk Britaniya maktab dasturiga audiokitoblarni kiritmoqchi

Britaniyalik mutaxassislar bolalar va o‘smirlar o‘qishdan bosh tortayotganidan xavotirlanib, audio formatga e’tibor qaratishni taklif qilmoqda. Bu haqda Forbes Russia nashri xaber berdi.
So‘nggi yillarda dunyoning aksariyat mamlakatlarida bo‘lgani kabi Buyuk Britaniyada ham xavotirli tendensiya kuzatilmoqda: bolalar va o‘smirlar zavq olish uchun kamroq kitob o‘qiydi.
Milliy savodxonlik jamg‘armasi tomonidan har yili 37 ming britaniyalik maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov shuni ko‘rsatdiki, bolalarning atigi 34,6%i bo‘sh vaqtlarida kitob ochishadi.
Shu bilan birga, audio tarkibning ommaviyligi ortib bormoqda. Jamg‘arma tomonidan o‘tkazilgan xuddi shu so‘rov natijalariga ko‘ra, bolalar va o‘smirlarning 42,3%i audiokitoblar va podkastlarni tinglashni yoqtirishi ma’lum bo‘ldi.
Shu munosabat bilan ekspertlar va xayriya tashkilotlari yangi maktab dasturiga audiokitoblarni kiritishga chaqirmoqda. Ularning fikricha, bunday chora yoshlarda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otish va savodxonlikni oshirishga yordam beradi.
Milliy savodxonlik jamg‘armasi ijrochi direktori Jonatan Duglas audio kontent yangi avlod o‘quvchilarini tarbiyalash va kitobxonlik inqirozini bartaraf etishda muhim rol o‘ynashi mumkinligini ta’kidladi.
Bunday yondashuvga hamma mutaxassislar ham qo‘shilavermaydi. London universiteti kollejining ingliz tili professori Jon Mallanning fikricha, audiokitoblar an’anaviy qog‘oz nashrlarning o‘rnini to‘liq bosa olmaydi.
Uning ta’kidlashicha, o‘qish va tinglash turli jarayonlardir: birinchisi ikkinchisidan farqli o‘laroq, faol ishtirok va tasavvurni talab qiladi. Mallanning ta’kidlashicha, audio format foydali bo‘lsa-da, u bosma formatning o‘rnini bosa olmaydi.
Yaqin orada Buyuk Britaniya hukumati maktab dasturidagi o‘zgarishlar bo‘yicha oraliq hisobotni ye’lon qilishni rejalashtirmoqda. Unda audio kontentni o‘quv jarayoniga kiritish masalasi ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.
Buyuk Britaniya ta’lim vazirligi vakili The Guardian nashriga bergan intervyusida o‘qituvchilar uzoq vaqtdan beri maktab o‘quvchilarini turli usullar bilan adabiy asarlar bilan tanishtirishga chaqirilganini, shuning uchun audiokitoblarni tinglash adabiyot bilan muloqot qilishning yana bir usuli bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.