Bulung‘urda besh kishi konservadan zaharlandi, ulardan biri vafot etdi

Bulung‘urda besh kishi konservadan zaharlandi, ulardan biri vafot etdi

Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida 5 kishi uy sharoitida tayyorlangan konserva (marinovka) iste’mol qilishi oqibatida shifoxonaga yotqizildi. Ulardan bir nafari vafot etdi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 7 fevral kuni tumanning Mingtepa mahallasida yashovchi 2001 yilda tug‘ilgan I.E. tez tibbiy yordam mashinasida tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelingan. Tibbiy tekshiruvlardan so‘ng unga botulizm tashxisi qo‘yilgan.

Tibbiy surishtiruv davomida bemor qishloqdoshi A.T.ning xonadonida bir kun avval hasharda bo‘lgan va uy sharoitida tayyorlangan konserva iste’mol qilgan. Tezkor tadbir davomida A.T., uning turmush o‘rtog‘i G.T., o‘g‘li SH.T va qo‘shnisi B.B.lar shifoxonaga yotqizilgan.

Intensiv davo muolajalari hamda botulizmga qarshi zardob berilishiga qaramasdan, 20 yoshli I.E.ning ahvoli og‘irlashgan va 8 fevral kuni tungi soat 03:30da vafot etgan.

Ayni vaqtda qolgan bemorlar jonlantirish bo‘limida stasionar sharoitda davolanmoqda. SH.T.ning ahvoli og‘irligicha qolmoqda. U sun’iy nafas olish apparati yordamida muolaja olmoqda.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi kafolatlanmagan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida zaharlanishning eng xavfli turi bo‘lmish botulizm bilan kasallanish mumkinligidan ogohlantirdi.

Boshqarma bu kasallik bilan og‘rigan bemorlarni uy sharoitida davolanmaslikka chaqirdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!