Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash va ularni himoya qilish tartibi belgilandi
Hukumat qarori (440-son, 14.07.2025 y.) bilan “Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlarini aniqlash, zo‘ravonlik xavfi darajasini baholash, himoya qilish rejasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
🔰 Nizomga ko‘ra, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoxud o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi xavfi ostida bo‘lgan bolalar bevosita o‘zlari yoxud qonuniy vakillari “Inson” markazlari, ichki ishlar organlari va boshqa mas’ul organlarga murojaat qiladi.
📝 “Inson” markazlari ichki ishlar organlari ishtirokida bolaning hayotiy vaziyatini 1 kun muddatda o‘rganadi.
📜 Bunda “Inson” markazi bolaning hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soluvchi omillarni dastlabki baholashdan o‘tkazadi hamda xavf darajasini “past” yoki “yuqori” deb topishi mumkin.
☑️ Xavf darajasi “yuqori” deb baholanganida, ichki ishlar organi quyidagi choralardan birini ko‘radi:
🔹 zo‘ravonlik sodir etgan shaxsni ma’muriy yo‘l bilan ushlab turish hamda prosessual majburlov choralarini qo‘llash;
🔹 bolaga yoxud uning qonuniy vakiliga himoya orderini berish;
🔹 bolani ota-onasidan (ularning biridan) yoxud uni o‘z qaramog‘iga olgan boshqa shaxslardan olib qo‘yish va uning xavfsizligini ta’minlash.
⏳ Tahdid soluvchi omillar bartaraf etilgach, “Inson” markazi bolaning hayotiy vaziyatini 14 kalendar kun ichida kompleks baholashdan o‘tkazadi.
📙 Kompleks baholash natijalariga ko‘ra 3 ish kuni ichida bolani himoya qilish rejasi ishlab chiqiladi.
❗️ Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir yoki sodir etishga moyil bo‘lgan shaxslarga quyidagi ta’sir choralari qo‘llanilishi mumkin:
▪️ tuzatish dasturidan o‘tish;
▪️ bolalarini olib qo‘yish;
▪️ ota-onalik huquqini cheklash yoki ota-onalik huquqidan mahrum qilish.
▪️ narkologiya muassasalarida majburiy davolanish;
▪️ majburiy tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini tayinlash.
