Bir qator Yevropa davlatlari Afg‘onistonda elchixonalarni qayta ochish imkoniyatlarini o‘rganmoqda — Bloomberg

Bir qator Yevropa davlatlari Afg‘onistonda elchixonalarni qayta ochish imkoniyatlarini o‘rganmoqda — Bloomberg

Evropaning bir qancha davlatlari Afg‘onistonda o‘z elchixonalarini qayta ochish va shu orqali Tolibon harakatini tan olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi Yevropa Ittifoqining qator davlatlari rasmiylari va manbalariga tayanib xabar berdi.

Bryussel rasmiylari Afg‘onistonda ayollar huquqlarini himoya qilish va mintaqada strategik mavjudlikni o‘rnatish uchun diplomatik vakolatxonalar ochish zarurligini tan ola boshladi, deydi yevropalik diplomatlardan biri. Agentlikning eslatishicha, Afg‘onistonda endilikda faqat Yevropa Ittifoqining butun uyushma sifatida vakolatxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda va ayrim Yevropa davlatlari Tolibon hokimiyatga kelganidan keyin o‘z elchixonalarini yopgan.

Xususan, Italiya Afg‘onistonda o‘z elchixonasini qayta ochish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tajanining aytishicha, Italiyaning Qatardagi elchisi yaqinda Kobulga tashrif buyurgan. Vashingtondagi NATO sammiti chog‘ida agentlikka bergan intervyusida: “Biz bu borada ishlamoqdamiz. Muammoni hal qilish juda qiyin”, deb aytib o‘tgan.

Ispaniya ham xuddi shunday yo‘l tutadi. Afg‘onistondagi elchi hozirda “xavfsizlik nuqtayi nazaridan” Qatarda ishlamoqda. Madrid “imkon qadar tezroq” elchini Kobulga qaytarishni rejalashtirmoqda. “Minimal xavfsizlik shartlari bajarilsa, biz elchimizni qaytaramiz, biz bir oy oldin tayyor edik, ammo, afsuski, o‘shanda ISHID terrorchilari Afg‘onistonda uch ispanlikni o‘ldirgan edi”, dedi Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares Bloomberg agentligiga bergan intervyusida.

Shu bilan birga, Fransiya, Britaniya va Germaniya rasmiylari agentlikka yaqin kelajakda Kobulda o‘z vakolatxonalarini ochishni rejalashtirmaganliklarini aytishdi. Fransiya rasmiysi, o‘z navbatida, Afg‘onistonda diplomatik vakolatxonaning yo‘qligi “cheksiz davom eta olmasligini” tan oldi. Buyuk Britaniya rasmiylari, shuningdek, “xavfsizlik va siyosiy sharoitlar imkon bersa,” diplomatlarni Afg‘onistonga qaytarish imkoniyatlarini o‘rganib chiqishlarini tasdiqladi.

Amerika ma’muriyatining ismini oshkor etmagan yuqori martabali mulozimining agentlikka ma’lum qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonning “Tolibon” harakati tomonidan tuzilgan hukumatni rasman tan olishni va bu mamlakatdagi elchixonasi faoliyatini qayta tiklashni rejalashtirmayapti.

G‘arb davlatlari 2021 yilda AQSh qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketib, Kobulni Tolibon kuchlari egallab olgandan so‘ng diplomatik vakolatxonalarini yopdilar. Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi mamlakatdagi mavjudligini saqlab qoldi. Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Josep Borrelning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Afg‘onistonda bir necha diplomatlarini qoldirgan, ularning asosiy vazifasi aholi o‘rtasida gumanitar yordam tarqatish bo‘lgan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!